14:04, Mart 16, 2026
/
513

Endi grantda o‘qiganlarning hammasi ham 3 yil ishlab bermasligi mumkin

Xabaringiz bor 2005-yil avgust oyida Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan tasdiqlangan “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi toʻgʻrisida” gi nizomga binoan “Agar bitiruvchi oliy taʼlim muassasalarining bakalavriati va magistraturasida davlat grantlari asosida oʻqigan taqdirda, uning ishlab berish majburiyati kamida uch yil deb hisoblanar” edi. Ya’ni grant asosida tahsil olgan talabalarning oliygohni tamomlagandan so‘ng 3 yil ishlab berish majburiyati bor edi.

2026-yil 16-mart kuni Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga “Kadrlarni davlat grantlari asosida maqsadli tayyorlash tartibi to‘g‘risida nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida” gi qaror loyihasi muhokamaga qo‘yildi. Unga asosan, yuqoridagi nizom bandidagi “kamida uch yil” degan so‘zlar chiqarib tashlanib”, “Agar bitiruvchi oliy ta’lim muassasalarining bakalavriati va magistraturasida davlat grantlari asosida o‘qigan taqdirda, uning ishlab berish majburiyati davomiyligi ta’lim yo‘nalishi xususiyatini hisobga olgan holda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan belgilanadi.” tartibida o‘zgartirilmoqda.

Ya’ni endi grantda o‘qigan talabalar balki, 2, balki 4 yil majburiy tartibda ishlab berishini faqatgina Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tasdiqlaydi. Buning aynan qancha vaqt davom etishi, qaysi jihatlarga ko‘ra belgilanishi loyiha muhokamadan o‘tgach ishlab chiqiladi.

Bundan tashqari, yangi qarorga ko‘ra, bitiruvchiga taklif etilayotgan ish joyi uning yashash hududidan kelib chiqib belgilanishi kutilmoqda. Avval bu uning aynan “doimiy yashash joyi” dan kelib chiqar edi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari