16:15, Mart 30, 2026
/
186

Yozma ishlar davri tugadi: universitetlarga og‘zaki nazorat imtihonlari qaytariladi

AQSH kollej va universitetlarida ChatGPT kabi sun’iy intellekt vositalari ommalashishi natijasida an’anaviy og‘zaki imtihonlarga qaytish jarayoni jadal tus olmoqda. Ta’lim sohasi mutaxassislari talabalar tomonidan topshiriladigan yozma ishlar va insholar endilikda bilim darajasini aniqlashda ishonchli mezon bo‘la olmayotganini tan olishmoqda.

Neyrotarmoqlar bir necha soniya ichida sifatli matnlarni tayyorlab bera oladi. Mazkur muammoga javoban professorlar talabalarni jonli muloqotga chaqirib ulardan gadjetlar yordamisiz o‘z fikrlarini asoslashni va o‘rganilgan mavzuni chuqur tushunishini namoyish etishni talab qilmoqdalar.

Ushbu o‘zgarish akademik muhitda turlicha munosabatlarga sabab bo‘lmoqda, negaki og‘zaki format ham o‘qituvchilar, ham talabalar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘diradi. Pedagoglar uchun har bir talaba bilan alohida suhbat qurish, ayniqsa katta guruhlarda, juda ko‘p vaqt talab etadi. Bu ularni o‘quv grafigi hamda tekshiruv sifati o‘rtasida muvozanat izlashga majbur qiladi. Talabalar tomonida esa psixologik to‘siqlar yuzaga kelmoqda, chunki fikrini yozma bayon etishga o‘rgangan yoki ijtimoiy xavotiri bor yoshlar imtihon oluvchi bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muloqotda kuchli hayajon va stressga duch kelishmoqda.

Bunday qiyinchiliklarga qaramay, ko‘plab ekspertlar jonli imtihonlarning qayta tiklanishi akademik halollikni ta’minlashga va talabalarni materialni chuqurroq o‘zlashtirishga undaydi deb hisoblashadi. Texnologiyalarga qarshi shunchaki kurashish o‘rniga universitetlar ta’lim jarayonini qayta ko‘rib chiqishga harakat qilmoqda va asosiy urg‘uni tanqidiy fikrlash hamda fikrni mustaqil shakllantirish qobiliyatiga qaratmoqda. Oxir-oqibat, sun’iy intellekt bilan bog‘liq vaziyat ta’lim tizimini klassik akademik muloqot asoslariga qaytishga majbur qilmoqda. Bunda shaxsiy ishtirok va bevosita intellektual hamkorlik eng asosiy qadriyatga aylanishi asosiy maqsad qilingan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari