“Talaba-yugur”: oliygohlar talabalari uchun o‘tkaziladigan yutuqli marafon haqida bilasizmi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlisining 22-son bayoni ijrosi bo‘yicha Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Sport vazirligi, Yengil atletika federatsiyasi, “UZINFOCOM” MChJ, Talabalar sporti assotsiatsiyasining “Talaba-yoshlarni sog‘lom hayotga targ‘ib qilish, ularni doimiy sport bilan shug‘ullanishi uchun “Talaba — yugur” ko‘ngillilar yugurish sport musobaqasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risida”gi 29-sonli qo‘shma qarori tasdiqlangan. Unga ko‘ra, 2024–2025-o‘quv yilidan boshlab har yili uzluksiz ravishda oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida “Talaba — yugur” ko‘ngillilar yugurish musobaqalari tashkil etib kelinmoqda.
Yugurish musobaqasi bir yilda ikki marta – “Kuzgi” (oktyabr-noyabr oylarida) hamda “Bahorgi” (mart-may oylarida) mavsum doirasida o‘tkazilib, musobaqani tashkil etish va yugurish natijalarini qayd etish jarayoni O‘zbekiston yengil atletika Federatsiyasining “Yugur” (yugur.uz) elektron platformasi orqali amalga oshiriladi. Ma’lumot o‘rnida, marafon barcha hududda ayni kunda tashkil etilmaydi.
Xo‘sh, g‘oliblarni taqdirlash tartibi qanday?
Musobaqa gʻolib va sovrindorlari 3 km masofasida koʻrsatilgan vaqt natijalari (Chip time) boʻyicha aniqlanadi. G‘oliblar va ishtirokchilar diplom hamda qimmatbaho esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadilar.
Shuningdek, 1-3-oʻrinni egallagan talabalar (oʻgʻil va qiz bolalar boʻyicha alohida-alohida) har bir mavsumda har bir hududdan bir martalik moddiy ragʻbatlantirish toʻlovi bilan ham mukofotlanadilar. Bunda mukofot miqdori mavsumda 1-oʻrin uchun 5 000 000 soʻm, 2-oʻrin uchun 3 000 000 soʻm, 3-oʻrin uchun 2 000 000 soʻmni tashkil etadi.
Bundan tashqari, har bir mavsum natijasi boʻyicha oliy taʼlim muassasasining talabalari orasidan bosqich (kurs)lar kesimida 1-3 oʻrinlarni egallagan (oʻgʻil va qiz bola boʻyicha alohida-alohida) talabalarga oliy taʼlim muassasasi rektori stipendiyasi tayinlanadi. Bunda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-yanvardagi 59-son qarori bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim muassasalari talabalariga stipendiyalar tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisida Nizom”ga asosan
➖1-oʻrin uchun — 6 (olti) oy davomida bazaviy stipendiyaning 50 foiz miqdorida (bitiruvchi bosqich talabalariga bahorgi mavsumda 4 oy davomida),
➖2-oʻrin uchun — 4 (toʻrt) oy davomida bazaviy stipendiyaning 50 foiz miqdorida,
➖3-oʻrin uchun — 2 (ikki) oy davomida bazaviy stipendiyaning 50 foiz miqdorida qoʻshimcha stipendiya tayinlanadi va toʻlanadi.
Batafsil ma’lumot va ro‘yxatdan o‘tish bo‘yicha qo‘llanma 👇