07:34, Aprel 2, 2026
/
197

Surxondaryoda ona kontrakt to‘lovini to‘lash maqsadida farzandini sotmoqchi bo‘ldi

2002-yilda tug‘ilgan S.J. 2025-yilning mart oyida SH. ismli yigit bilan tanishib, homilador bo‘lib qolgan. 2026-yilning yanvar oyi boshlarida tug‘uruq vaqti yaqinlashgach tumandagi tug‘uruqxonaga murojaat qilgan. 11-yanvar kuni esa o‘g‘il farzandni dunyoga keltirgan.

Tug‘uruqxonada S.J. hamshiralar orqali G.J. bilan tanishib, “isnoddan qutulish” hamda kontrakt pulini to‘lash maqsadida farzandini 1500 dollar evaziga sotishga kelishgan.

Sud hujjatlariga ko‘ra, 2026-yilning 15-yanvar kuni soat 14:00 larda S.J. xaridordan 1400 dollar va 1,2 million so‘m pulni olib, tilxat yozib berayotgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlangan.

Sudlanuvchi tug‘uruqxonaga joylashgan kuni G. ismli shaxs bolani o‘z qaramog‘iga olish taklifini berganini aytdi. U o‘sha paytda shok holatida bo‘lgani sababli avval farzandini dunyoga keltirib olishini, qarorni esa keyinroq qabul qilishini bildirganini ta’kidladi. Shuningdek, u G.ning bolani pul evaziga berish taklifiga javoban nima deyishni bilmay 1500 AQSH dollari so‘raganini va shu pul berilsa, bolani berishga rozi bo‘lishini aytganini ma’lum qildi.

Shundan keyin xaridor tez-tez uning oldiga kelib turgan. Keyinchalik bola qisilib tug‘ilgani, uni davolash lozimligi ma’lum bo‘lgan. G. chaqaloqni o‘zi davolatib olishini va bunga imkoniyati yetarli ekanligini aytgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Termiz tuman sudi S.J.ni Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi (odam savdosi) bilan aybdor deb topdi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanib, 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari