09:39, Aprel 2, 2026
/
383

Bakalavr ta’limida inqilob: Universitetlar 3 yillik tizimga o‘tishi kutilmoqda

Turkiya oliy ta’lim tizimida katta transformatsiya boshlanmoqda. Oliy ta’lim kengashi (YÖK) raisi Erol O‘zvarning ma’lum qilishicha, endilikda muvaffaqiyatli talabalarga bakalavr bosqichini 4 yil emas, balki 3 yilda yakunlash imkoniyati yaratilishi rejalashtirilmoqda. Bu shunchaki dars soatlarini qisqartirish yoki 4 yillik yuklamani 3 yilga siqishtirish emas, balki zamonaviy dunyo talablaridan kelib chiqqan holda ta’lim mazmunini tubdan yangilash loyihasidir.

Yangi yondashuvga ko‘ra, universitetlarning bilim ustidagi monopoliyasi tugayotgani va internet darslari akademik dasturlar o‘rnini bosa boshlagani hisobga olingan. Endilikda asosiy urg‘u quruq nazariyaga emas, balki talabaning amaliy ko‘nikmalari va malakasini oshirishga qaratiladi. Yillardir mazmuni o‘zgarmay kelayotgan, bugungi qonunchilik va bozor iqtisodiyoti bilan aloqasi qolmagan fanlar dasturdan chiqarilib, ularning o‘rnini soha mutaxassislari va sektor bilan bevosita aloqador loyihalar egallaydi.

Islohot doirasida barcha manfaatdor tomonlar, jumladan, advokatlar palatalari va kasbiy uyushmalar bilan maslahatlashuvlar olib borilmoqda. Maqsad — talabani hali bitirmasdanoq real sektor bilan bog‘lash va uni sun’iy intellekt hamda raqamli transformatsiya davrida raqobatbardosh kadr qilib tayyorlashdir. Ushbu o‘zgarish Turkiya oliy ta’limini xalqaro reytinglarda yanada ko‘rinarnli qilish va talabalarning qimmatli vaqtini tejash yo‘lidagi ulkan qadam sifatida baholanmoqda.

Siz islohotni qanday baholaysiz? Izohblarda fikrlaringizni bildiring

Fikrlar (0)
Avval yangilari