09:52, Aprel 6, 2026
/
191

Muhokamalarga sabab bo‘lgan hujjat: yangi Nizom nimalarni o‘z ichiga oladi?

2026-yil 3-mart kuni Oliy taʼlim toʻgʻrisidagi Nizom Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi. Mazkur Nizom bilan oliy taʼlim jarayoni va tizimini tashkil etish, uning moliyaviy, mulkiy hamda xalqaro hamkorlik munosabatlarini, Oʻzbekiston Respublikasi oliy taʼlim tashkilotlarida yuqori malakali kadrlar tayyorlashni, shuningdek oliy taʼlim tashkilotlari talabalari va xodimlarining huquq va majburiyatlarini belgilandi.

Shuningdek, hujjatda universitet, institut, akademiya, konservatoriya, oliy maktab, filial hamda qonunchilik hujjatlariga muvofiq maqomi ularga tenglashtirilgan boshqa oliy taʼlim tashkilotlari.oliy ta’lim tashkilotlari deb e’lon qilindi.

Oliy taʼlim tashkilotlarining turlari quyidagicha belgilandi:

universitet oliy taʼlimning kamida uchta taʼlim sohasida hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʻyicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan yuqori darajada shugʻullanuvchi yirik oliy taʼlim tashkiloti;

institut oliy taʼlimning kamida ikkita taʼlim sohasida hamda oliy taʼlimdan keyingi taʼlim boʻyicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy-tadqiqot faoliyati bilan shugʻullanuvchi oliy taʼlim tashkiloti;

akademiyaoliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimning muayyan yoʻnalish va mutaxassisliklari boʻyicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda muayyan yoʻnalish boʻyicha ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkiloti;

konservatoriyamusiqa sanʼati sohasi boʻyicha oliy va oliy taʼlimdan keyingi taʼlimni, ushbu soha boʻyicha kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish hamda ilmiy tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkiloti;

oliy maktabtaʼlimning muayyan yoʻnalish va mutaxassisliklari boʻyicha amaliy mutaxassis kadrlar tayyorlaydigan hamda ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy taʼlim tashkiloti;

filial oliy taʼlimning ehtiyoj yuqori boʻlgan yoʻnalish va mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlovchi, kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hamda ilmiy tadqiqot faoliyatini amalga oshiruvchi oliy ta’lim tashkilotining hududlarda tashkil etilgan yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan tarkibiy boʻlinmasi.

Shu o‘rinda hujjatning ushbu qismi ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi, hatto ba’zi manbalarda “Sirtqi ta’lim qaytar ekan” degan noto‘g‘ri axborot ham tarqatildi:

“Bakalavriat taʼlim bosqichi boʻyicha oliy taʼlim tashkilotlarida oʻqitish kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy, dual va qonunchilikda belgilangan boshqa taʼlim shakllarida amalga oshiriladi.

Bakalavriat taʼlim bosqichida oʻqish kamida uch yil davom etadi. Bakalavriatda ishlab chiqarishdan ajralmagan holda oʻqish muddati kunduzgi taʼlim shakliga nisbatan sirtqi taʼlim shaklida kamida bir oʻquv yili, kechki taʼlim shaklida kamida yarim oʻquv yili muddatiga uzaytiriladi”.

Gap shundaki, bu yerda keltirilgan sirtqi ta’lim shakli atamasi mavjud sirtqi ta’lim shakli talabalari uchun taalluqlidir. Ma’lumot o‘rnida, Prezidentning 2025-yil 5-maydagi qarori bilan ushbu shaklga qabul to‘xtatilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari