13:59, Aprel 7, 2026
/
218

Universitetda talabalar salkam 4 yarim million so‘mlik kitob sotib olishga majburlandi

Turkiyada Ombudsman Yıldız Teknik Universitetida bir dars uchun 16 ming lira turadigan kitobni sotib olish majburiy qilingani va kitobni ololmagan talabalarning baholashda noqulay ahvolga tushib qolganini o‘rganib chiqdi. Mazkur holat «ta’limda imkoniyatlar tengligi»ni buzish deb baholanmoqda.

Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, YTÜda tahsil olayotgan bir talaba dars doirasida 16 ming liralik kitobni sotib olishga majburlangani sababli Ombudsmanga murojaat qilgan. Murojaatda qayd etilishicha, darslar va imtihonlarga kirish faqatgina ushbu kitobdagi “QR-kod” orqali amalga oshirilgan hamda onlayn tizimdagi imtihon yakuniy bahoning 10 foiziga ta’sir qilgan. Moddiy imkoniyati yo‘qligi sababli kitobni ololmagan talabalar avtomatik ravishda 90 ballik tizimda (ya’ni 10 ballik imkoniyatdan mahrum holda) baholangan. Bu holat kam ta’minlangan talabalar uchun jiddiy qiyinchilik tug‘dirib, ularning umumiy o‘rtacha ko‘rsatkichiga salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Talaba o‘z arizasida “Oliy ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga ko‘ra, universitetlar o‘quv materiallarini tavsiya qilishi mumkinligini, biroq ularni sotib olishni majburiy qilishga vakolati yo‘qligini eslatib o‘tgan.

Murojaatni o‘rganib chiqqan Ombudsman “universitetlar o‘z ta’lim siyosati doirasida ma’lum kitoblardan foydalanishi tabiiy hol, biroq onlayn ilovalarning (QR-kodli tizimning) baholashga ta’sirini e’tiborsiz qoldirib bo‘lmaydi” – degan xulosaga kelgan. Darslikning narxi talaba uchun o‘ta yuqori ekanligi va uni sotib olgan hamda ololmagan talabalar o‘rtasida baholashda farq yuzaga kelishi “imkoniyatlar tengsizligi”ga olib kelgan.

Natijada, tashkilot Yıldız Teknik Universiteti rektoratiga kitob sotib olish majburiyatini bekor qilishni va kitob ichidagi ilovalarni baholash mezonidan chiqarib tashlashni tavsiya qildi. Shuningdek, universitet rektoratidan 30 kun ichida amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berishni talab qildi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari