08:24, Aprel 13, 2026
/
133

Nodavlat va xorijiy OTMlar talabalariga maqsadli grant berish tartibi tasdiqlandi

Farmon bilan Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga maqsadli davlat granti kvotalarini taqsimlash va moliyalashtirish tartibi belgilandi. Unga ko‘ra xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga maqsadli davlat granti asosidagi qabul parametrlari har yili 1-iyunga qadar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan tasdiqlanadi.

Davlat granti asosidagi tanlovda ishtirok etishga xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlariga qabul qilingan talabalarga ruxsat etiladi. Tanlov boʻyicha saralash imtihoni bakalavriat taʼlim yoʻnalishining fanlar majmuasi boʻyicha oʻtkaziladi. Bunda Vazirlik har yili 1-iyulga qadar klassifikatorda mavjud boʻlmagan xorijiy va nodavlat oliy taʼlim tashkilotlaridagi bakalavriat taʼlim yoʻnalishlarining taʼlim sohalariga muvofiqligini belgilaydi hamda fanlar majmuasini eʼlon qiladi.

Tanlov boʻyicha saralash imtihonlari har yili sentyabr-oktyabr oylarida oʻtkaziladi. Bunda test sinovlari Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan; kasbiy (ijodiy) imtihonlar Vazirlik tomonidan belgilangan oliy taʼlim tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladi.

Grantlar belgilangan minimal oʻtish bali va undan yuqori ball toʻplaganlarga ballar ketma-ketligida taʼlim sohasi boʻyicha ajratilgan qabul koʻrsatkichlari doirasida taqdim etiladi. Davlat grantini olgan talabalar bilan oʻqishini tamomlagandan soʻng davlat (ulushi boʻlgan) tashkilotlarda uch yil davomida ishlab berish majburiyatini nazarda tutuvchi uch tomonlama shartnomalar rasmiylashtiriladi.

Bu yil ham test o‘tkazildi, grant beriladi deyildi. Ammo natijalar e’lon qilinmadimi yoki biz xabarsiz qoldikmi?

Fikrlar (0)
Avval yangilari