07:52, Aprel 16, 2026
/
118

“Forma masalasida oliy ta’lim vazirligidan hech qanday topshiriq bo‘lmagan”, – Vazir

Kecha Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligida keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazilgani haqida xabar bergan edik. Unda vazir Qo‘ng‘irotboy Sharipov hamda soha xodimlari quyidagi munosabat va yangiliklarni e’lon qildi:

Mamlakatda “Rektorlar maktabi” tashkil etiladi. Bo‘lajak rektorlar maxsus saralash asosida shakllantiriladi. Nomzodlar “Argos” tizimi orqali imtihondan o‘tkaziladi. Imtihonda ularning rahbarlik qobiliyati, kasbiy bilimlari, muloqot ko‘nikmalari hamda davlat siyosatini tushunish darajasi baholanadi. Saralashdan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzodlar tizimli tarzda o‘qitilib, bosqichma-bosqich turli lavozimlarda sinovdan o‘tkaziladi. Rektor lavozimiga tayinlanishdan avval nomzod kamida dekan yoki prorektor sifatida faoliyat yuritgan bo‘lishi kerak.

➖Korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini baholovchi maxsus reyting tizimi joriy etiladi. So‘nggi yillarda vazirlikning bu boradagi ko‘rsatkichlari sezilarli darajada yaxshilangani qayd etildi. Xususan, 2022–2023-yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish reytingida 47 va 50 ball qayd etilgan bo‘lsa, 2024-yil yakuniga kelib bu ko‘rsatkich 82 ballga, 2025-yilda esa 86 ballga yetgan. Ochiqlik indeksi ham 88.4 ballni tashkil etib, ketma-ket ikki yil davomida o‘sish kuzatilgan.

Har bir universitet o‘zining ichki tartib-qoidalaridan kelib chiqib, kiyim-boshga talab qo‘yishi mumkin va bu qoidalar bajarilishi kerak. Biroq ijtimoiy tarmoqlarda kuzatilayotgan ayrim kiyimdagi talabalarni darsga kiritmaslik holatlari bo‘yicha vazirlik yoki oliy ta’lim muassasalari tomonidan hech qanday maxsus topshiriq berilmagan. Talaba, birinchi navbatda, o‘qishga kirishi va ta’lim olishi shart. Agar kiyinish tartibi bo‘yicha tushuntirish zarur bo‘lsa, bu ishlar tizimli ravishda, sekin-sekin amalga oshirilishi lozim. Universitetlarda tartib bo‘lishi shart, lekin bu jarayon talabani auditoriyadan tashqarida qoldirish hisobiga bo‘lmasligi kerak.

Shuningdek, Biz bundan keyin talabalar sonini keskin oshirmoqchi emasmiz. Avval bor talabalar bilan sifatli ta’limni tashkil etib olaylik. Hozir sondan sifatga o‘tyapmiz, hozirgi siyosat ham shunga qarab ketyapti”, – degan Vazir.

Fikrlar (0)
Avval yangilari