09:36, Aprel 16, 2026
/
105

Diplomlarni tan olish masalasi: Turkmanistonning talabi “qattiq” ko‘rinadi

Esingizda bo‘lsa, bir necha oy avval Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro diplomlarni tan olish masalasi haqida yozgandik. Hamda bu taklifga Qozog‘iston vakilining munosabatini e’lon qilgandik.  

Kecha, 15-aprel kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, hozirgi kunda mintaqa davlatlari bilan diplomlarni o‘zaro tan olish bo‘yicha qizg‘in muzokaralar olib borilmoqda.

Xususan, Qirg‘iziston tomoni O‘zbekiston taklifiga to‘liq rozi bo‘lgan hamda joriy yilning iyun oyida diplomlarni to‘g‘ridan to‘g‘ri tan olish bo‘yicha rasmiy kelishuv imzolanishi mumkin. Qozog‘iston esa taklifni og‘zaki tarzda qabul qilgan. Hozirda jarayon yakuniga yetishi uchun qo‘shni davlat parlamentining tegishli qarori qabul qilinishi kutilmoqda. Turkmaniston vakillari barcha diplomlarni emas, balki faqatgina xalqaro reytinglarda, masalan, QS yoki Times Higher Education ro‘yxatida kuchli 1000 talikka kirgan O‘zbekiston universitetlarining diplomlarini tan olishlarini ma’lum qilishgan.

Shuningdek, xalqaro miqyosdagi vaziyatga to‘xtaladigan bo‘lsak, O‘zbekiston YUNESKO doirasida Tokio konvensiyasini imzolagan bo‘lib, ushbu hujjatga asosan ellikka yaqin davlat, shu jumladan, Yevropa mamlakatlari va Yaponiya ham mamlakatimiz diplomlarini tan oladi. Ammo buning uchun asosiy shart sifatida O‘zbekiston oliygohlari ta’lim yo‘nalishlarini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazishi hamda Top-1000 talik ro‘yxatga kirishi talab etiladi.

Bundan tashqari vazir o‘z nutqida hozirgi kunda nafaqat Markaziy Osiyo, balki, O‘rta Osiyoning deyarli barcha davlatlaridan davlatlaridan 23 mingdan ortiq talaba aynan O‘zbekistonda tahsil olayotganini ham ta’kidlab o‘tgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari