13:33, Aprel 23, 2026
/
219

Rossiyada talabalar stipendiyasini 10 baravar oshirish taklif qilindi

Rossiya Davlat Dumasining «Adolatli Rossiya» (Справедливая Россия) fraksiyasi deputatlari talabalar uchun beriladigan oylik stipendiyalarni keskin oshirish tashabbusi bilan chiqdi. Partiya yetakchisi Sergey Mironov va deputat Yana Lantratova tomonidan fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkovga yuborilgan murojaatda akademik stipendiya yashash minimumining 100 foizidan kam bo‘lmasligi, ijtimoiy stipendiya esa 120 foizdan kam bo‘lmasligi so‘ralgan. Shuningdek, har yili inflyatsiya va hududiy iqtisodiy holatga qarab indeksatsiya qilish taklif etilmoqda.

Ma’lumot uchun, akademik stipendiya — bu davlat budjeti asosida oʻqib, imtihonlarni yaxshi baholarga topshirgan talabalarga beriladigan oylik toʻlovdir. Ijtimoiy stipendiya esa talabaning oʻqish koʻrsatkichidan qat’i nazar, uning ijtimoiy holati, ya’ni yetimligi, nogironligi yoki kam ta’minlanganligi sababli beriladigan moddiy koʻmakdir.

Hozirgi vaqtda Rossiyada minimal akademik stipendiya 2 224 rublni (taxminan 316 000 soʻm), ijtimoiy stipendiya esa 3 340 rublni (taxminan 474 000 soʻm) tashkil etmoqda. Yangi taklif amalga oshsa, akademik stipendiya oʻrtacha 17 733 rublga (taxminan 2 518 000 soʻm) yetadi. Ijtimoiy stipendiya esa 21 280 rubl (3 022 000 soʻm) boʻladi.

Deputatlar Sergey Mironov va Yana Lantratovaning fikricha, talabalar bugungi kunda eng himoyasiz qatlamlardan biri boʻlib, hozirgi stipendiya miqdori oziq-ovqat, turar joy va transport kabi asosiy ehtiyojlarni qoplamaydi. Shuningdek, talabalar yashash uchun ishlashga majbur boʻlishyotgani, bu esa bevosita ta’lim sifatiga salbiy ta’sir koʻrsatyotganini, stipendiyani yashash minimumiga yetkazish orqali yoshlarga bor e’tiborini bilim olishga qaratish imkonini berishini ta’kidladilar.

Fikrlar (0)
Avval yangilari