12:38, Aprel 24, 2026
/
431

Kontrakt to‘lovi bir kun kechikkan talaba o‘qishdan haydaldi

Britaniyaning Koventri universitetida tahsil olayotgan 25 yoshli shrilankalik talaba Navodya De Silva kontrakt to‘lovini atigi bir kun kechiktirgani sababli o‘qishdan haydaldi va hozirda mamlakatdan deportatsiya qilinish xavfi ostida turibdi. Talaba 8 000 funt sterling miqdoridagi to‘lovni belgilangan muddatdan uch kun avval bank orqali jo‘natgan bo‘lsa-da, bank tizimidagi kechikish tufayli pul universitet hisobiga 1 kun kechikib tushgan.

Universitet ma’muriyati ushbu bir kunlik kechikish haqida darhol Ichki ishlar vazirligiga (Home Office) xabar bergan va natijada talabaning vizasi bekor qilingan.

“Men barcha talablarni bajargandim. Bu mening nazoratimdan tashqarida edi. Agar diplom olmasdan qaytsam, oilamning barcha mehnati bekor bo‘ladi”, — deydi Navodya De Silva.

Hozirda Navodya Britaniyada qolish uchun qo‘shimcha ruxsat so‘rab murojaat qilgan va qarorni kutmoqda. Agar uning arizasi rad etilsa, u mamlakatdan chiqarib yuborilishi mumkin.

Universitet ma’muriyati esa o‘z navbatida, talabalarga to‘lov va ro‘yxatdan o‘tish uchun 6 haftalik muddat berilishini, ular shunchaki Britaniya viza qoidalariga (UKVI) amal qilishga majbur ekanliklarini ma’lum qildi. Ichki ishlar vazirligi vakillari esa bu nizo universitet va talaba o‘rtasidagi masala ekanini, vazirlik faqat universitetdan kelgan xabar asosida chora ko‘rishini ta’kidladi.

Aziz talaba, zamonaviy ta’lim tizimlari va viza qoidalari juda qat’iy bo‘lib, sizning a’lo baholaringiz yoki intizomingiz moliyaviy muddatlar oldida ojiz qolishi mumkin. Shuning uchun har qanday to‘lovni yoki hujjat topshirish jarayonini oxirgi kuni emas, kutilmagan texnik kechikishlarni inobatga olgan holda kamida bir hafta oldin qilishingiz hayotiy zaruriyatdir.

Fikrlar (0)
Avval yangilari