“Ziyo Forum” kiberolamda yangi cho‘qqilarni zabt etmoqda: Talabalar o‘rtasidagi eng yirik turnir g‘oliblari aniqlandi

O‘zbekiston yoshlari o‘rtasida zamonaviy texnologiyalar va intellektual o‘yinlarga bo‘lgan qiziqish shunchaki xobbi darajasidan chiqib, professional platformaga aylandi. Buning markazida esa Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi tomonidan asos solingan “Ziyo Cup” respublika talabalar turniri turibdi. Ushbu loyiha nafaqat musobaqa, balki yoshlarning raqamli ko‘nikmalari, strategik fikrlashi va jamoaviy ishlash madaniyatini shakllantiruvchi yirik ijtimoiy lift vazifasini o‘tamoqda.
“Ziyo Forum” fondi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda “Infinbank” bilan hamkorlikda kibersportni yoshlar siyosatining ajralmas qismiga aylantirdi. 2023–2025-yillar davomida 178 ta oliy ta’lim muassasasidan 5000 nafardan ortiq talaba bevosita ishtirok etgan bo‘lsa, turnir translyatsiyalari va tadbirlari 100 000 dan ortiq tomoshabinni o‘z atrofiga birlashtirdi. Bugungacha tashkil etilgan 6 ta yirik turnir va umumiy sovrin jamg‘armalari fondning yoshlar iste’dodini rag‘batlantirishdagi qat’iyatini namoyon etadi.

Bu yilgi “Ziyo Cup – 2026” turniri “Sayberium” majmuasida o‘tkazildi. Ushbu “CS:2” yo‘nalishidagi joriy bellashuvda 105 ta oliy ta’lim muassasasidan 1000 dan ziyod eng kuchli talaba-kibersportchilar ishtirok etishdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra, Inha universiteti talabalari mutloq g‘oliblikni qo‘lga kiritib, 1-o‘rin hamda 20 000 000 so‘m pul mukofoti bilan taqdirlandilar.

Kuchli raqobatda o‘z mahoratini ko‘rsatgan TMC universiteti jamoasi 2-o‘ringa munosib ko‘rildi va 15 000 000 so‘mga ega bo‘ldi. Kuchli uchlikni Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalari yakunlab berdi va ular 10 000 000 so‘m bilan mukofotlandilar.


Shuningdek, turnirda yuqori iroda ko‘rsatgan Samarqand xalqaro texnologiyalar universiteti talabalari 4-o‘rinni egallab, 5 000 000 so‘m sovrinni qo‘lga kiritdilar.

“Ziyo Forum” fondi bu bilan to‘xtab qolish niyatida emas. Fondning kelgusi rejalari qamrovni 190 ta oliy ta’lim muassasasiga yetkazish va ishtirokchilar sonini 15 000 nafargacha oshirish belgilangan. Bu sa’y-harakatlar O‘zbekiston yoshlarini raqamli kelajakka tayyorlab, ularning intellektual salohiyatini xalqaro darajaga olib chiqish yo‘lidagi muhim strategik qadamdir.