08:06, Aprel 29, 2026
/
664

Talabalarning kontrakti uchun davlat yordami ajratiladi

“Ijtimoiy reyestr”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun to‘lov-kontrakt xarajatlarini qoplash bo‘yicha davlat yordami yo‘lga qo‘yildi. Endi 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan kontrakt pulining bir qismini qoplash uchun my.gov.uz portali orqali onlayn murojaat qilishi mumkin.

Belgilangan tartibga ko‘ra, yordam miqdori to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan oshmagan holda qoplanadi. Hozirda bazaviy hisoblash miqdori 412 000 so‘mni tashkil etadi va uning 50 baravari 20 600 000 so‘mga teng.

Jarayon tartibi bo‘yicha talabgorlarmy.gov.uz orqali ariza yuboradi. Murojaatlar 8 ish kuni ichida“Mahalla yettiligi” tomonidan ko‘rib chiqiladi. Ijobiy qaror qabul qilingach, mablag‘ ijtimoiy shartnoma shartlarining bajarilish darajasiga qarab ta’lim muassasasining bank hisobiga o‘tkaziladi.

Mazkur yordam faqat kunduzgi ta’lim shaklida kontrakt asosida tahsil olayotgan talabalar va o‘quvchilarga tatbiq etiladi. Jumladan, professional ta’lim muassasalari o‘quvchilari, davlat va nodavlat oliy ta’lim tashkilotlari talabalari hamda O‘zbekistondagi xorijiy oliy ta’lim muassasalari va ularning filiallarida bakalavriat yoki magistratura bosqichida o‘qiyotgan talabalar ushbu imkoniyatdan foydalanishi mumkin.

Ayni paytda bu imtiyozdan ikkinchi va undan keyingi mutaxassislikda o‘qiyotganlar, sirtqi, kechki yoki masofaviy ta’lim shaklidagi talabalar, qo‘shma ta’lim dasturlari ishtirokchilari hamda “super-kontrakt” asosida tahsil olayotganlar foydalana olmaydi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari