Afg‘onistonda ayollar diplomlarini tasdiqlash va xalqaro ta’lim aloqalari to‘xtatildi

Afg‘oniston muvaqqat hukumati Tashqi ishlar vazirligi xotin-qizlarning akademik hujjatlarini, jumladan, diplomlarini rasman tasdiqlashni (verifikatsiya qilishni) to‘xtatishga qaror qildi. Bu haqda Afghanistan International xabar berdi.
Ushbu cheklov natijasida afg‘onistonlik ayollar o‘zlarining ta’lim olganliklari haqidagi hujjatlarini xalqaro miqyosda tan oldira olmaydilar, bu esa ularning xorijda o‘qishni davom ettirish yoki chet elda ishga joylashish imkoniyatlarini amalda yo‘qqa chiqaradi.
Shu bilan birga, mamlakatdagi barcha oliy o‘quv yurtlariga xorijiy universitetlar va tashkilotlardan kelayotgan so‘rovlarga javob bermaslik haqida ham ko‘rsatma berilgan. Endilikda talabalarning o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari, o‘qish holati va diplomlarining haqiqiyligi bo‘yicha xalqaro ma’lumot almashinuvi bloklab qo‘yildi.
Manbalarga ko‘ra, ushbu choralarni keng jamoatchilikka oshkor qilmasdan, maxfiy tarzda amalga oshirish tavsiya etilgan.
Aholi bu qarorni adolatsiz deb baholamoqda. Chunki u ayollarning ta’lim olish va xalqaro imkoniyatlardan foydalanish yo‘lini yanada cheklaydi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq “Tolibon” hukumati qizlarning oltinchi sinfdan yuqori ta’lim olishini taqiqlagan, shuningdek, ayollarning mehnat faoliyati, jumladan xalqaro tashkilotlardagi ishtirokini ham cheklagan edi.
Jahon hamjamiyatining bosimiga qaramay, ushbu siyosat hozircha o‘zgarishsiz qolmoqda.