08:35, May 7, 2026
/
188

Talaba tashqi ko’rinishi tufayli shafqatsizlarcha kaltaklandi

Rossiyaning Yekaterinburg shahrida 19 yoshli talaba ikki mast erkak tomonidan ayovsiz kaltaklandi. Hodisa shahar markazida sodir bo‘lgan bo‘lib, janjal kuzatuv kameralariga ham tushib qolgan.

Ma’lum qilinishicha, hujumchilar yigitni yerga yiqitib, bosh qismiga tepishgan. Shuningdek, undan iPhone telefoni tortib olinib, bank hisobidan 800 rubl yechib olingan. Jabrlanuvchining aytishicha, hujumchilarga uning tashqi ko‘rinishi yoqmagan.

Politsiya tezkor ravishda gumonlanuvchilarni qo‘lga olgan. Ular 26 yoshli temiryo‘l ishchisi va 23 yoshli ishsiz yigit ekani aniqlangan. Har ikkisi ham avval sudlanmagan. Gumonlanuvchilar aybini tan olib, telefonni yo‘lda tashlab yuborganini, pullarni esa taksiga sarflaganini bildirgan. Ularning so‘zlariga ko‘ra, voqea paytida mast bo‘lishgan.

«Dastlab mojaro biz bilan emas, boshqa noma’lum shaxslar bilan boshlangan edi. Biz nima bo‘layotganini bilish uchun yaqinlashgan edik», — deya tushuntirish bergan qo‘lga olinganlardan biri.

Shifokorlar talabada burun suyagining siljish bilan sinishi holatini aniqlagan. Hozirda ikki gumonlanuvchi ham qamoqqa olinib, ularga nisbatan zo‘ravonlik ishlatib sodir etilgan talonchilik moddasi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qonunchilikka ko‘ra, ularga 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlanishi mumkin.

Fikrlar (0)
Avval yangilari