15:42, Iyun 1, 2026
/
404

Har oyda 10 million 880 ming so‘m: O‘zbekistonda stipendiyalar narxi oshishi kutilmoqda

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2026-yil 26-may kuni “Ilm-fan sohasini boshqarish tizimini takomillashtirish hamda ilmiy-tadqiqot ishlarining natijadorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-98-sonli Farmonni imzoladi. Yangi hujjat ilm-fan va oliy ta’limdan keyingi ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, yosh olimlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda ilmiy tadqiqotlar sifatini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgani bilan muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Farmonga muvofiq, mamlakatimizda strategik muhim hisoblangan yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlash sifatini tubdan yaxshilash maqsadida doktorantlarni moddiy qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy etilmoqda.

Jumladan, hozirgi kunda respublika bo‘yicha tayanch doktorantlarning amaldagi o‘rtacha oylik bazaviy stipendiyasi 6 400 000 so‘mni tashkil etadi. 2027-yil 1-yanvardan boshlab, davlat strategiyasi doirasida belgilangan ustuvor ilmiy ixtisosliklar (shu jumladan, Sun’iy intellekt, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va raqamli yechimlar) bo‘yicha tahsil olayotgan doktorantlarning oylik stipendiyasi amaldagi miqdorga nisbatan 1,7 baravarga (ya’ni 70 foizga) oshiriladi. Shunda farmonga muvofiq oshirilgan yangi stipendiya miqdori: 10 880 000 so‘mga yetadi.

Bundan tashqari, yangi tartibga ko‘ra, ustuvor yo‘nalishlardagi doktorantlarning ilmiy ishlari samaradorligini oshirish maqsadida ularni zaruriy asbob-uskunalar, xomashyo, kimyoviy reagentlar, maxsus dasturiy ta’minotlar va hisoblash texnikalari bilan ta’minlashning alohida tartibi yo‘lga qo‘yilmoqda. Yangi Farmon talablariga muvofiq, ustuvor yo‘nalishlardagi doktorantlarning ilmiy ishlari samaradorligini oshirish maqsadida har bir tadqiqotchi uchun uning bazaviy stipendiyasiga nisbatan 30 foiz miqdorida qo‘shimcha mablag‘ shakllantiriladi.

Respublikadagi amaldagi ko‘rsatkichlar asosida hisoblanganda, ushbu ajratma oyiga o‘rtacha 1 920 000 so‘mni tashkil etadi. Mazkur maqsadli mablag‘lar to‘g‘ridan to‘g‘ri doktorant tahsil olayotgan oliy ta’lim muassasasi yoki ilmiy-tadqiqot tashkilotining hisobvarag‘iga o‘tkazib boriladi. Ushbu muassasa mazkur mablag‘lar hisobidan tadqiqotchining ehtiyojlariga asosan zarur moddiy-texnik bazani (uskuna, xomashyo va reagentlar) sotib olib berishga mas’uldir.

Demak, ustuvor yo‘nalishdagi bitta tadqiqotchi uchun oyiga 10 880 000 so‘mdan, bir yilda jami 130 560 000 so‘m sof stipendiya to‘lanadi. Buning ustiga, uning ilmiy ishi samaradorligini oshirish maqsadida moddiy-texnik ta’minot uchun har oy ajratiladigan 1 920 000 so‘m miqdoridagi maqsadli mablag‘ bir yilda jami 23 040 000 so‘mni tashkil etadi.

Natijada, faqatgina bir nafar doktorantning o‘quv va tadqiqot jarayonini ta’minlash davlat budjetiga bir yilda jami 153 600 000 so‘mga tushadi. Agar ushbu tayanch doktorantura bosqichidagi ta’lim va ilmiy izlanishlar davomiyligi uzluksiz 3 yilni tashkil etishini hisobga olsak, bitta tadqiqotchi uchun sarflanadigan jami mablag‘ 460 800 000 so‘mga (deyarli yarim milliard so‘mga yaqin) yetadi.

Bunday ulkan moliyaviy sarmoya yosh olimlar zimmasiga ham juda katta akademik mas’uliyat yuklaydi. Davlat tomonidan moddiy muammolardan mutlaqo xoli sharoit yaratib berilayotgan ekan, o‘z navbatida, doktorantlar ham ushbu xarajatlarga munosib tarzda yuqori sifatli, ilmiy va amaliy ahamiyatga ega, xalqaro miqyosda raqobatbardosh dissertatsiya tadqiqotlarini taqdim etishlari shart

Fikrlar (0)
Avval yangilari