14:58, Iyun 2, 2026
/
838

Endi yoshlarga 100 million so‘mgacha garovsiz kreditlar beriladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan “Tadbirkorlik loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali yoshlar bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaror (PQ–210-son, 01.06.2026-y.) imzolandi. Unga asosan, endilikda Aloqabank o‘ttiz bir yoshga to‘lmagan yoshlar uchun “Yoshlar biznesi” dasturi doirasida juda qulay kreditlar ajratishni boshlaydi.

Eng muhimi, bu kreditlarni olish uchun uy yoki mashina garovga qo‘yish shart emas. Sug‘urta polisi yoki ota-ona kafilligi kifoya qiladi.

Kreditlar yoshlarning ehtiyojlariga qarab bir nechta yo‘nalishda beriladi. Xorijiy tillarni o‘rganish, IT yoki zamonaviy kasb-hunar kurslarining o‘qish pullarini to‘lash uchun yigirma million so‘mgacha mablag‘ olish mumkin. SMM, mobilografiya, frilanserlik bilan shug‘ullanish yoki shaxsiy onlayn do‘kon ochish, ya’ni o‘ziga kuchli noutbuk, kamera yoki telefon sotib olmoqchi bo‘lganlar uchun ellik million so‘mgacha pul ajratiladi. Shuningdek, uyda turib kasanachilik yoki tikuvchilik qilmoqchi bo‘lganlarga ellik million so‘mgacha, novvoychilik va qandolatchilik biznesini boshlamoqchi bo‘lgan talabalarga esa yuz million so‘mgacha kredit beriladi.

Kredit shartlari, yoshlar, shu jumladan, talabalar uchun juda qulay qilib belgilangan. Uni qaytarish muddati yetti yilgacha etib tayinlangan bo‘lib, bu talabalikni bitirib, oyoqqa turib olguncha bemalol to‘lash imkonini beradi. Bundan tashqari kreditning asosiy qarzini to‘lash bir yilgacha, foizlarini to‘lash esa uch oygacha kechiktiriladi. Ya’ni talabaga darrov to‘lov boshlamasdan, oldin daromadga kirib olishi uchun imkoniyat beriladi. Foiz stavkasi Markaziy bank asosiy stavkasidan to‘rt foiz yuqori ko‘rinishda bo‘ladi.

Talabalik davridayoq shaxsiy daromad manbaini qurmoqchi va zamonaviy kasb egasi bo‘lmoqchi bo‘lganlar uchun bu ajoyib imkoniyatdir. Do‘stlaringizga ham ulashing, foydasi tegsin.

Fikrlar (0)
Avval yangilari