13:56, Iyun 3, 2026
/
366

Toshkentda shifokor amaliyotchi talaba qizlarga shilqimlik qilgani uchun besh sutkaga qamaldi

Toshkentda xususiy klinikalardan birining 33 yoshli shifokori amaliyotchi talaba qizlarga jinsiy shilqimlik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi.

Ish hujjatlariga koʻra, 2026-yil mart oyining oxirida erkak oʻzining xizmat xonasida amaliyotchi qizlardan biriga jinsiy aloqada boʻlishni taklif qilgan. Aprel oyining oxirida esa u boshqa bir talaba qizga nisbatan ham shunday nomaqbul harakatlar qilgan, unga nisbatan xayrixohligi borligini aytgan. Shuningdek, unga uylanish niyati borligini bildirgan hamda amaliyotga kelmagan kunlari uchun ijobiy baholar qoʻyib berishni vaʼda qilgan.

Sudlanuvchi aybiga qisman iqror boʻlgan. U birinchi talaba qizga shilqimlik qilganini inkor etib, ikkinchisiga nisbatan shunchaki “tuygʻulari” boʻlganini tan olgan. Har ikki talaba qiz ham shifokorga nisbatan qonuniy chora koʻrishni soʻrab murojaat qilgan. Qizlardan biri, shuningdek, shifokor bilan boʻlgan suhbatning audioyozuvini ham taqdim etgan.

Olmazor tuman sudining 2026-yil 1-iyundagi qarori bilan erkak Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 41-1-moddasi 1-qismi (Jinsiy shilqimlik qilish) boʻyicha aybdor deb topildi. Unga nisbatan 5 sutka muddatga maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari