16:02, Iyun 16, 2026
/
603

“Posilka” kelganda to‘ladigan muzlatkich: Talaba bo‘lishning qimmat tovonlari

Nega talaba deganda ko‘pchilikning xayoliga “buxanka” va tez tayyorlanadigan ovqatlar, deylik “Rolton” bilan kun o‘tkazadigan yoshlar keladi? Aslida, bugungi talabaning kundalik dasturxonida nimalar uchraydi? “Avlod Media”ning ushbu maqolasida ana shu haqida so‘z boradi.

Bugungi kunda O‘zbekiston oliygohlarida 1,5 milliondan ortiq talaba tahsil olmoqda. Ularning qariyb 90 foizi o‘z uyidan uzoqda – ijarada yoki talabalar turar joyida yashaydi. Mustaqil hayotning asosiy sinovlaridan biri iqtisodiy masaladir. Vaqt yoki ko‘nikma yetishmasligi sababli yoshlar ko‘pincha umumiy ovqatlanish shoxobchalariga yugurishadi. Lekin oddiy va ishsiz “haqiqiy” talaba byudjeti buni doim ham ko‘taravermaydi.

Ayniqsa, Toshkent shahrida o‘qiyotgan talabalar uchun ijara, oziq-ovqat va kundalik xarajatlar jiddiy qiyinchilik tug‘dirishi sir emas. Sababi, poytaxtdagi narx-navo nafaqat yolg‘iz yashovchi talaba, balki butun boshli oilalar uchun ham sezilarli yuk bo‘ladi. Xo‘sh, poytaxtda yashash aslida qanchaga tushadi? Ushbu masalaga oydinlik kiritish va aniq raqamlarga tayanish maqsadida, biz dunyodagi eng yirik onlayn ma’lumotlar bazalaridan biri bo‘lgan Numbeo platformasi ko‘rsatkichlarini tahlil qildik.

Onlayn bazaning taxminiy hisoblashlariga ko‘ra, poytaxtda 4 kishi bo‘lib yashaydigan oilalar ijara to‘lamasdan oyiga 23 mln 512 ming so‘m sarflab yaxshi yashashi mumkin. Bir kishi uchun bu narx 6 mln 343 ming so‘mni tashkil etadi.

Toshkentda 1 kishi uchun arzon restoranda ovqatlanish 70 ming so‘mni tashkil etadi. O‘rta darajadagi restoranda bu narx 2 kishi uchun 400 ming so‘mga baholangan. Fast Food tarmoqlarida ovqatlanish esa 55 ming so‘m. O‘rtacha narxlari olinganda, 1 litr sut – 14,7 ming so‘m, 1 kg guruch – 21,9 ming so‘m, 12 dona tuxum – 22,4 ming so‘m, 1 kg mol go‘shti – 137,9 ming so‘m, 1 kg tovuq filesi – 48,2 ming so‘m, 1 kg olma – 16,7 ming so‘m, 1 kg banan – 22,1 ming so‘m, 1 kg pomidor – 19,1 ming so‘m, 1 kg kartoshka – 7 ming so‘m, 1 kg piyoz – 4,7 ming so‘m.

Shuningdek, statistikada maishiy xizmatlar va kiyim-kechak xarajatlari ham alohida hisoblangan. Hisob-kitoblarga asosan, o‘zbekistonliklar 85 kvadrat metr maydondagi xonadon uchun suv, gaz, elektr energiyasi va chiqindi xizmatlariga oyiga o‘rtacha 340 ming so‘mdan 1 million 200 ming so‘mgacha mablag‘ sarflaydi. Mobil aloqa xizmatlari uchun o‘rtacha oylik xarajat 49 ming so‘mni, kabelli internet xizmatlari uchun esa 150 ming so‘mni tashkil etadi.

Xarajatlarning 30,4 foizi do‘konlardan turli mahsulotlarni sotib olish, 26,9 foizi har oylik ijara, 15,2 foizi restoranlarda ovqatlanish, 9,5 foizi transport, 8,1 foizi esa sport va bo‘sh vaqtdagi mashg‘ulotlar uchun sarflanadi.


Internetdagi ma’lumotlarga ko‘ra, talabalarning 80 foizi fast food kabi tez tayyorlanuvchi taomlarni iste’mol qiladi. Atigi 10 foiz talaba sog‘lom ovqatlanish tamoyillariga rioya qiladi.

Shifokorlar fikriga ko‘ra, tez tayyorlanadigan mahsulotlar alkogol va tamakidan ham zararliroq bo‘lishi mumkin. Ularning muntazam iste’moli ichki kasalliklar, ortiqcha vazn va boshqa sog‘liq muammolarini keltirib chiqaradi. Bu borada Toshkent davlat tibbiyot universiteti tadqiqotchisi Feruza Yuldasheva shunday deydi:

“Talabalar salomatligini muhofaza qilish va mustahkamlash asosan turmush tarzi bilan belgilanadi. Oziqlanish muammosi aholining barcha qatlamlari uchun ham, maktabgacha ta’limdan to universitetdan keyingi ta’limgacha bo‘lgan barcha darajalar uchun ham juda dolzarbdir. Aynan mashg‘ulot davrida insonning sog‘lig‘i butun umri uchun shakllanadi. To‘g‘ri ovqatlanish aholi salomatligini shakllantiruvchi eng muhim omillardan biri”.

U yoshlar ko‘pincha to‘yib ovqatlanmaslik oqibatlari haqida o‘ylamasligini aytar ekan, ta’lim muassasalariga kirgandan so‘ng, ko‘plab talabalar ratsionini o‘zgartirishiga urg‘u beradi.“Talabalar ratsionida go‘sht, baliq va sut mahsulotlari, sabzavot va mevalarni iste’mol qilish hajmi kamayadi; makaron va un mahsulotlari, tuxum iste’moli ortib bormoqda; kaloriya tarkibi va ozuqaviy moddalar miqdori bo‘yicha fiziologik me’yorlardan sezilarli og‘ishlar mavjud. Talabalar uchun ovqatlanish muammosi ayniqsa keskin. Talabalik vaqti juda boy va xilma-xil bo‘lib, u asab tizimining haddan tashqari kuchlanishi bilan ajralib turadi. Yuk, ayniqsa mashg‘ulot paytida, kuniga 15-16 soatgacha sezilarli darajada oshadi. Bundan tashqari, asosan harakatsiz turmush tarzi – gipodinamiya bilan ajralib turadi. Noto‘g‘ri ovqatlanish bilan birgalikda bu tanaga va uning holatiga salbiy ta‘sir qiladi”, – deydi mutaxassis.

Talabalar qanday ovqatlanmoqda: “Avlod Media” so‘rovnomasi natijalari

“Avlod Media” poytaxtda tahsil olayotgan 18-30 yosh oralig‘idagi 30 ga yaqin talabalar o‘rtasida ularning ovqatlanish ratsioniga bag‘ishlangan so‘rovnoma o‘tkazdi.

Natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, talabalarning aksariyati (42 foiz) kuniga 2 mahal ovqatlanish bilan cheklanadi. Respondentlarning atigi 29 foizi kuniga 3 marta, 27 foizi esa atigi 1 mahal ovqatlanishini ma’lum qilgan. Ovqatlanishlar orasidagi vaqt oralig‘i ham turlicha: ishtirokchilarning 25 foizida bu jarayon 3-4 soatni tashkil qilsa, 59 foiz holatda tanaffus 6 soatdan oshib ketadi.

So‘rovnoma natijalariga ko‘ra, talabalar eng ko‘p hajm va kaloriya miqdorini kechki ovqat paytida qabul qilishadi. Ularning aksariyati kechki taomni soat 18:00 dan 19:00 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida iste’mol qiladi. Nonushta masalasida esa ko‘rsatkichlar ancha past: yigitlarning bor-yo‘g‘i 10 foizi, qizlarning esa 15 foizi tongni nonushta bilan boshlaydi. Bunda ishtirokchilarning 35 foizi tuxum, 15 foizi esa sut mahsulotlarini afzal ko‘rishini ta’kidlagan.

E’tiborli jihati shundaki, talabalar kundalik taomnomalariga deyarli go‘sht qo‘shmasliklarini aytishgan. Ular buni go‘sht narxining qimmatligi bilan izohlashgan. Xo‘sh, sizningcha qanday? Bugungi kunda go‘sht narxi haqiqatan ham talaba cho‘ntagiga ko‘plik qiladimi?

Iqtisodiyot va moliya vazirligining2026-yil 1-iyun kuni taqdim qilgan so‘nggi ma’lumotlarida yozilishicha, Toshkentda mol go‘shtining narxi 75 mingdan 106 ming so‘mgacha. Qo‘y go‘shtining narxi 90 mingdan 130 ming so‘mgacha.

Bo‘shagan muzlatgich necha kunda bir to‘ladi?

Tahririyat bilan suhbatda bo‘lgan O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining 3-bosqich talabasi Muhammadning aytishicha, u ayni paytda o‘qishdan bo‘sh vaqtida ishlab daromad qiladi va shu sabab o‘z cho‘ntagidan oziq-ovqat xarid qilishga qurbi yetadi. Ammo kvartira uchun ijara puli, kommunal to‘lovlar, qolaversa boshqa kerakli xaridlar tufayli ovqatni doimiy ravishda o‘z vaqtida yemasligini aytadi. “Muzlatgichimiz faqat qishloqdan qaytganimizda, ota-onamiz berib yuborgan narsalar bilan to‘lib turadi. Lekin u ham uzoqqa yetmaydi. Bor-yog‘i bilan ikki haftada bo‘shab qoladi. Ba’zan boshqa muhim xarajatlar uchun ovqat pulimizdan kesishga to‘g‘ri keladi. Biroq bugun baribir bayram, shuning uchun kvartiradoshim bilan osh yeyapmiz!” Talaba bu so‘zlarni aytarkan, bizga o‘zlari tayyorlagan osh rasmini ham ilova qildi.

Bitiruvchi kurs talabasi Dilshodning hikoyasi ham poytaxtdagi ko‘plab talabalarning turmush tarzini aks ettiradi. U birinchi kursdanoq ovqatni faqat uyda o‘zi pishirishini aytadi:

“Haftada bir marta kvartiradoshlarim bilan bozorlikka chiqamiz. Ko‘proq kartoshka, piyoz, yog‘, mosh, loviya, karam kabi asosiy va zarur mahsulotlarni g‘amlab olamiz. Go‘shtdan esa faqat tovuq go‘shti xarid qilamiz, unda ham ortiqcha pulimiz qolsagina. Kvartirada oshpazlik butunlay mening zimmamda, chunki bolalar hatto tuxum pishirishni ham bilishmaydi. Shu sababli jamoamiz oshpazi o‘zimman”, – deydi Dilshod kulimsirab.



Shuningdek, u ertalab darsga kech qolmaslik va avtobusga ulgurish uchun universitetga ertaroq chiqib ketishi sababli deyarli nonushta qilmasligini aytdi. “Nonushta o‘rniga ko‘chada gumma olib yeyman. Uyda choy ichgan kunlarimiz esa tuxum qovuramiz yoki novvotli choy ichamiz, qishloqdan qatiq, holva olib kelganimizda shulardan tanovul qilamiz”, – deydi suhbatdoshimiz samimiy ohangda.\

Ovqat ratsionini tuzishda talabalar organizmining o‘ziga xos xususiyatlari va yashash sharoiti hisobga olinishi zarur. Mutaxassislarga ko‘ra, kuniga to‘rt marta ovqatlanish maqsadga muvofiq bo‘lib, kunlik iste’molning 25 foizini nonushta, 35-40 foizini tushlik, 10-15 foizini peshindan keyingi yengil tamaddi va 25 foizini kechki ovqat tashkil etishi kerak. Taomlar xilma-xil bo‘lishi va kunning ma’lum bir belgilangan vaqtida ovqatlanish zarur. Kechki ovqatlanish uyqudan 2-3 soat oldin bo‘lishi shart. Sharbat, konfet, olma kabilar esa alohida, qo‘shimcha yegulik hisoblanadi.

Qator ilmiy kuzatuvlarga ko‘ra, qoniqarli bahoga o‘qiydigan talabalarning 60 foizi ikki mahal, yaxshi bahoga o‘qiydiganlarning 80 foizi esa uch martalik ovqatlanish tartibiga rioya qilishgan. Shunday ekan, vaqtida to‘yib ovqatlaning.

Fikrlar (0)
Avval yangilari