07:39, Iyun 17, 2026
/
265

Imtihonlardagi qallobliklar sabab Telegram bloklandi

Hindiston hukumati tibbiyot oliygohlariga kirish imtihonlari savollari tarqalib ketgani sababli Telegram messenjerini dushanbagacha blokladi.

Shuningdek, hukumat tarmoqda avval yozilgan xabarlarni tahrirlash funksiyasini o‘chirishni buyurdi.

Bunga platforma orqali imtihon savollari sizib chiqqani sabab bo‘lgan. Qalloblar undan abituriyentlarni aldash uchun foydalanishgan. Cheklov seshanba kuni joriy etilgan bo‘lib, u IT qonunchiligining qat’iy qoidalari asosida amalga oshirilgan. Ushbu qonun hukumatga milliy manfaatlarni himoya qilish uchun saytlarni bloklash vakolatini beradi.

Hukumat buni xalq manfaati uchun qilinganini aytmoqda. Biroq faollarga ko‘ra, bu holat so‘z erkinligini cheklaydi. Bundan tashqari, may oyida ham tibbiyot oliygohlariga kirish imtihoni (NEET) bekor qilingan edi. Bunga ham savollarning oldindan tarqalib ketgani sabab bo‘lgan.

Bu holat butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarni keltirib chiqardi. Natijada, yoshlar orasida “Suvaraklar Janta partiyasi” nomli satirik harakat paydo bo‘ldi. Namoyishchilar ta’lim vaziri Dharmendra Pradhanning iste’fosini talab qilmoqda.

Hukumat yangi imtihonni yakshanba kuniga belgiladi.

Milliy test agentligi bu cheklovlar yuzasidan bayonot berdi. Unga ko‘ra, firibgarlar 21-iyundagi qayta imtihon oldidan abituriyentlarni aldashgan. Buning uchun ular Telegramdan uyushgan holda foydalanishgan.

Hindistonda, asosan, WhatsApp ommabop. Shunga qaramay, Telegram ham mamlakatda jadal rivojlanmoqda. Hindiston ushbu ilovani yuklab olishlar soni bo‘yicha dunyoda eng yirik bozor hisoblanadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari