Xorazmda Xitoy universiteti filiali ochilishi rejalashtirilmoqda

Xorazm viloyatining Xiva shahrida Xitoyning Liaoning Normal University (Lyaoning pedagogika universiteti) filialini tashkil etish bo‘yicha qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi.
Loyihaga ko‘ra, filial faoliyati 2026/2027-o‘quv yilidan yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan. Unda pedagogika yo‘nalishida xalqaro standartlarga mos kadrlar tayyorlanadi.
Yangi oliygohda bakalavriat va magistratura bosqichlarida ta’lim beriladi. Kelgusida doktorantura dasturlarini ham joriy etish ko‘zda tutilgan.
| T/r | Kod | Ta’lim yo‘nalishi nomi | Ta’lim tili |
| 1. | 60111400 | Xalqaro xitoy tili ta’limi (International Chinese Language Education) | Xitoy va o‘zbеk tillarida |
| 2. | 61011200 | Turizm boshqaruvi (Tourism Management) | Xitoy va o‘zbеk tillarida |
| 3. | 61010800 | Xalqaro biznеs (International Business) | Xitoy va o‘zbеk tillarida |
| 4. | 62010500 | Sun’iy intеllеkt (Artificial Intelligence) | Xitoy, o‘zbеk va ingliz tillarida |
| 5. | 70111400 | Xitoy tili va madaniyatini o‘qitish mеtodikasi (Teaching Methodology of Chinese Language and Culture) | Xitoy va ingliz tillarida |
| 6. | 70110100 | Ta’lim boshqaruvi (Education Management) | Xitoy va o‘zbеk tillarida |
| 7. | 70610100 | Sun’iy intеllеkt va ta’lim tеxnologiyalari (AI and Educational Technology) | Xitoy va ingliz tillarida |
Ta’lim jarayoni Xitoy universitetining o‘quv rejalari va akademik standartlari asosida, O‘zbekistonning davlat ta’lim standartlari hamda malaka talablari inobatga olingan holda tashkil etiladi.
O‘qitish xitoy, ingliz va o‘zbek tillarida olib borilishi, ta’lim esa kunduzgi va masofaviy shakllarda tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, filialda ta’lim to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Kontrakt miqdori filial kuzatuv kengashi tomonidan belgilanadi.
Talabalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida stipendiyalar ham ajratiladi. Har yili kontrakt tushumining kamida 5 foizi ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda iqtidorli talabalarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltiriladi.
Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston hududida tan olinadigan oliy ma’lumot diplomi berilishi nazarda tutilgan. Yangi oliygoh pedagogika sohasida xalqaro tajribaga ega mutaxassislarni tayyorlashga xizmat qilishi kutilmoqda.