09:34, Iyun 23, 2026
/
680

Abituriyentlar soni yarim milliondan oshdi

2026–2027-oʻquv yili uchun oliy va kasbiy ta’lim muassasalariga qabul jarayonlari davom etmoqda. Bilimni baholash agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 23-iyun kuni soat 08:26 holatiga onlayn ro‘yxatdan o‘tgan abituriyentlar soni 558 694 nafarga yetdi.

Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 18 957 nafarga yoki 3,5 foizga ko‘p.

Ro‘yxatdan o‘tganlarning 370 005 nafari joriy yil maktab bitiruvchilari bo‘lsa, 188 689 nafari avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini tamomlagan abituriyentlarni tashkil etadi.

Jinslar kesimida 300 441 nafar (53,8 foiz) ayol va 258 253 nafar (46,2 foiz) erkak abituriyent hujjat topshirgan.

Ta’lim tili bo‘yicha eng katta ulush o‘zbek tiliga to‘g‘ri kelmoqda. Bunda, 494 606 nafar (88,5 foiz) abituriyent o‘zbek tilida, 52 303 nafar (9,4 foiz) rus tilida, 10 595 nafar (1,9 foiz) qoraqalpoq tilida, 1 190 nafar (0,2 foiz) esa boshqa tillarda ta’lim olish istagini bildirgan.

Hududlar kesimida eng ko‘p abituriyent Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri kelib, u yerda ro‘yxatdan o‘tganlar soni 94 431 nafarni yoki umumiy ko‘rsatkichning 16,9 foizini tashkil etgan.

Ma’lumot o’rnida qabulning 1-bosqichi uchun onlayn ro‘yxatdan o‘tish 25-iyunga qadar davom etadi. 

Qabul haqidagi muhim ma’lumotlar bu yerda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari