10:13, Iyun 23, 2026
/
439

Kasbiy ta’limni rivojlantirish uchun yangi imtiyozlar joriy etiladi

Prezident Shavkat Mirziyoyev xususiy kasbiy ta’lim tizimini rivojlantirishga oid taqdimot bilan tanishdi. Unda qator yangi tashabbuslar ma’qullandi.

Jumladan, xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari bitiruvchilarining startap va innovatsion loyihalarini moliyalashtirish uchun 5 million dollarlik Venchur jamg‘armasi tashkil etiladi.

2026-yildan boshlab har yili “Kasb vaucheri” dasturi uchun 20 milliard so‘m mablag‘ ajratilishi belgilandi.

Shuningdek, yil yakunigacha xususiy kasbiy ta’lim muassasalarini zamonaviy jihozlar bilan ta’minlash maqsadida 100 million dollar investitsiya jalb qilinadi.

Taqdimotda xususiy kasbiy ta’lim tashkilotlari uchun zarur asbob-uskunalar va jihozlarni bojxona bojidan ozod qilish, xorijiy o‘qituvchilar, mutaxassislar va ustalar uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz etib belgilash taklif etildi.

Bundan tashqari, xorijiy mutaxassislar va malakali o‘qituvchilarni jalb qilish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

Kasbiy malakani baholash uchun zarur uskunalar va dasturiy mahsulotlar xarajatlarining 30 foizi qoplab beriladi.

Xorijda tan olinadigan va milliy kasbiy malaka sertifikatlarini olish xarajatlarining 50 foizi kompensatsiya qilinadi.

Davlat rahbari taqdim etilgan chora-tadbirlarni ma’qullab, ularni amaliyotga joriy etish bo‘yicha tegishli topshiriqlar berdi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari