SAT sertifikati bilan grantda o‘qish mumkin

SAT sertifikatidan 1200 va undan yuqori ball olgan abituriyentlar 2026-2027-o‘quv yilidan boshlab qo‘shimcha davlat grantlari uchun alohida tanlovda ishtirok etishi mumkin. Bu imkoniyat faqat kunduzgi ta’lim shaklidagi, fanlar majmuasi matematika va chet tili bo‘lgan bakalavriat yo‘nalishlariga tatbiq etiladi.
Qo‘shimcha grant o‘rinlari mazkur yo‘nalishlar uchun ajratilgan grantlar sonining 50 foizi miqdorida belgilanadi. Agar hisob-kitob natijasida butun son chiqmasa, ko‘rsatkich yuqori tomonga yaxlitlanadi.
Imtiyozdan foydalanish uchun abituriyent ro‘yxatdan o‘tishda matematika va chet tili fanlarini tanlashi hamda SAT natijasi 2026-yil 25-iyunga qadar Bilim va malakalarni baholash agentligiga DI kod orqali yetib kelgan bo‘lishi kerak.
Tanlovda asosiy mezon SAT bali hisoblanadi. Abituriyentlar tanlagan 5 tagacha OTM va ta’lim yo‘nalishlariga SAT natijalari reytingi asosida tavsiya etiladi. Agar chegaradagi oxirgi o‘rindagi abituriyent bilan keyingi nomzodlarning ballari teng bo‘lsa, ular ham talabalikka tavsiya etiladi.
SAT sertifikatiga ega abituriyentlar ushbu imtiyozdan foydalanishi yoki umumiy tartibda test natijalari asosida tanlovda qatnashishni tanlashi mumkin. Shuningdek, tanlagan yo‘nalishlariga tavsiya etilmaganlar uchun keyinchalik bo‘sh qolgan qo‘shimcha grant o‘rinlariga qayta ro‘yxatdan o‘tish imkoniyati ham yaratiladi.