O‘rta maxsus ma’lumotli tarbiyachilar uchun dual ta’lim joriy etildi

Hukumatning 2026-yil 24-iyundagi 321-sonli qarori bilan bog‘cha tarbiyachilarini xalqaro tajriba asosida bakalavriat bosqichida o‘qitish tizimi yo‘lga qo‘yilmoqda.
2026/2027-o‘quv yilidan boshlab davlat va nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan tarbiyachilar ishdan ajralmagan holda dual ta’lim tizimi orqali bakalavr darajasini olishi mumkin bo‘ladi.
Yangi tizimga muvofiq, tarbiyachilar haftasiga bir kun oliy ta’lim muassasasida tahsil oladi, qolgan besh kun esa bolalar bog‘chasida mehnat faoliyatini davom ettiradi.
Dual ta’lim dasturiga kamida uch yillik ish tajribasiga ega mutaxassislar qabul qilinadi. Dastur yakunida bitiruvchilarga bakalavr diplomi beriladi. O‘qish to‘lov-shartnoma (kontrakt) asosida bo‘ladi.
Mazkur tartib maktabgacha ta’lim tizimida faoliyat yuritayotgan pedagoglarning malakasini oshirish va oliy ma’lumotli mutaxassislar sonini ko‘paytirishga xizmat qilishi kutilmoqda.