12:05, Iyun 29, 2026
/
296

Surxondaryoda 600 nafardan ortiq afg‘onistonlik bepul o‘qitildi

Surxondaryo viloyati Termiz tumanida 600 nafardan ortiq Afgʻoniston fuqarosi texnik va kasbiy taʼlim kurslarida bepul oʻqitildi. Bu haqida OʻzA xabar berdi. 

Ma’lumotlarga koʻra, tumandagi Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish taʼlim markazida karyera festivali oʻtkazilgan. Tadbirda “Afgʻoniston fuqarolarini oʻqitish va kasbiy tayyorlash boʻyicha Surxondaryo viloyatining salohiyatini oshirish” loyihasi sarhisob qilingan.

Loyiha doirasida 136 nafar afg‘on talabaning kontrakt va stipendiya xarajatlari qoplab berilgan. 30 nafar faol ishtirokchiga 2 ming dollardan mini-grant (vaucher) ajratilib, 39 nafar tadbirkorlik tashabbusi muallifiga 4 ming dollargacha grant berilgan.

Shuningdek, ta’lim markazi 29 o‘rinli avtobus, kompyuterlar, serverlar va boshqa zamonaviy texnik jihozlar bilan ta’minlanib, konferensiya zali hamda kovorking markazi tashkil ham etilgan.

Loyiha Yevropa Ittifoqi moliyaviy ko‘magida BMT Taraqqiyot dasturi hamkorligida amalga oshirildi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari