07:33, Iyul 1, 2026
/
402

Magistraturaga hujjatlar qabuli boshlandi

Bugun, 1-iyuldan boshlab 2026-2027-o‘quv yili uchun magistratura mutaxassisliklariga hujjatlar qabuli boshlandi. Hujjatlar 30-iyulga qadar (shu kuni ham) my.edu.uz platformasi orqali qabul qilinadi.

Magistraturaga hujjat topshirishda oliy ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat (diplom yoki diplomdan ko‘chirma) va uning ilovasi, shuningdek, xorijiy tilni bilish darajasini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat talab etiladi.

Xorijiy til sertifikati darajasi mutaxassislikka qarab B1, B2 yoki C1 bo‘lishi kerak. Biroq ko‘rish, eshitish va nutqida nuqsoni bo‘yicha I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar magistraturaga kirishda xorijiy til sertifikatini taqdim etishdan ozod etiladi. Shuningdek, ayrim toifadagi abituriyentlarga amaldagi tartib asosida imtiyozlar ham qo‘llaniladi.

SAT xalqaro imtihonida 1200 va undan yuqori ball to‘plagan hamda bakalavriat yo‘nalishiga mos yoki turdosh magistratura mutaxassisligiga hujjat topshirayotgan talabgorlar qo‘shimcha davlat granti asosida o‘qishga qabul qilinadi. Buning uchun SAT sertifikati College Board tizimi orqali maxsus DI kod yordamida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiga elektron tarzda yuborilishi shart. Qo‘lda yuklangan yoki skrinshot ko‘rinishida taqdim etilgan sertifikatlar qabul qilinmaydi.

Magistraturaga davlat granti va to‘lov-kontrakt asosida qabul bakalavriat diplomi bo‘yicha o‘rtacha ballar ketma-ketligiga asosan amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Prezident farmoyishiga muvofiq, davlat oliy ta’lim muassasalarida magistratura bosqichida tahsil olayotgan barcha xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari davlat tomonidan to‘liq va qaytarish shartisiz qoplab beriladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari