08:05, Iyul 2, 2026
/
415

Endi TDYUning ba’zi yo‘nalishlariga kirish uchun IQ test topshiriladi

Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 30-iyundagi 350-son qaroriga asosan, oliy ta’lim muassasalarining bakalavriatiga qabul qilish tartibiga muhim o‘zgartirishlar kiritildi (Hukumatning 2025-yil 13-sentyabrdagi 578-son qarori bilan tasdiqlangan nizom asosida).

Endilikda yurisprudensiya sohasidagi ma’lum bir ta’lim yo‘nalishlarida o‘qishni maqsad qilgan yoshlar maxsus IQ test sinovlaridan o‘tishlari talab etiladi.

Qaysi yo‘nalishlar uchun IQ test olinadi?

Yangi tartib faqatgina Toshkent davlat yuridik universitetining (TDYU) quyidagi ikkita ta’lim yo‘nalishiga taalluqli:

  • Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik
  • Raqamli huquq

Jarayon qanday va qachon bo‘lib o‘tadi?

Abituriyentlar ro‘yxatdan o‘tish vaqtida huquqshunoslik bo‘yicha test olinadigan fanlar majmuasi bilan bir qatorda IQ testdan o‘tishni ham tanlashlari lozim.

IQ test sinovlari TDYU va test oluvchi hamkor xorijiy tashkilot o‘rtasidagi o‘zaro shartnoma asosida har yili 10-iyulga qadar o‘tkazilishi belgilab qo‘yildi. Sinovlarni tashkil etish va uning natijalarini baholash bevosita xorijiy tashkilotning talab va mezonlari asosida amalga oshiriladi.

Muhim shartlar:

BMB testlari doirasida yo‘nalish tanlash jarayonida TDYUning “Xalqaro huquq va qiyosiy huquqshunoslik” hamda “Raqamli huquq” yo‘nalishlarini tanlash imkoniyati faqatgina IQ testdan muvaffaqiyatli o‘tgan abituriyentlargagina beriladi. (Albatta, bu abituriyentlar o‘zlariga mos boshqa yo‘nalishlarni ham qo‘shib tanlash huquqini saqlab qoladilar).

Shuningdek,yuqorida sanab o‘tilgan ikkita ta’lim yo‘nalishida o‘qish uchun tanlovda ishtirok etishni istagan nomzodlar chet tili bo‘yicha kamida B2 darajasidagi milliy yoki unga mos keluvchi xalqaro sertifikatga ega bo‘lishlari qat’iy talab qilinadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari