15:42, Aprel 4, 2025
/
176

Endilikda O‘zbekiston oliygohlari va texnikumlari diplomlari Germaniyada tan olinadimi?

 Investitsiyalar vaziri o‘rinbosari Germaniya vakillari bilan O‘zbekiston OTM va texnikumlarini ushbu mamlakatda xorijiy diplomlarni tan olishda foydalaniladigan ANABIN ma’lumotlar bazasiga kiritish imkoniyatlarini muhokama qildi.

Xususan, O‘zbekiston ta’lim muassasalarini Germaniya Ta’lim va tadqiqot vazirligining ushbu mamlakatda xorijiy diplomlarni tan olishda foydalaniladigan ANABIN axborot bazasiga kiritish imkoniyatlari xususida so ‘z yuritildi.

Tomonlar o‘zbek yoshlarini ilg‘or texnologiyalar bo‘yicha o‘qitish va keyinchalik Germaniya korxonalariga ishga joylashtirish, shuningdek, O‘zbekistonda ishlashni rejalashtirayotgan nemis mutaxassislariga imtiyozlar berish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdi.

Ma’lumot uchun: ANABIN (Anerkennung und Bewertung ausländischer Bildungsnachweise) — Germaniya Ta’lim va tadqiqot vazirligining (BMBF) rasmiy ma’lumotlar bazasi, unda xorijiy diplomlar va ta’lim muassasalarining tan olinishi va baholanishi haqidagi ma’lumotlar mavjud.

Tizim chet el diplomining nemis ta’lim standartlariga mos kelishini baholaydi va nemis ish beruvchilari, universitetlari va davlat idoralariga chet el fuqarosi diplomi tan olinishi va nemis ta’limi bilan solishtirish mumkinligini tushunishga yordam beradi.

Unda xorijiy ta’lim muassasalari ro‘yxati va ularning holati to‘g‘risidagi ma’lumotlar keltirilgan. Germaniyada ishlash yoki o‘qishni davom ettirish istagida bo‘lgan chet elliklar uchun ANABIN’da ijobiy maqom viza, yashash uchun ruxsatnoma, malakani tasdiqlash va ishlashga ruxsat olish uchun muhim shart.

Fikrlar (0)
Avval yangilari