14:15, Iyul 7, 2026
/
326

20 nafar iqtidorli yosh “Media Maktab”da jamlandi

Kecha 6-iyul kuni media olamiga qiziquvchi yoshlar uchun qabul e’lon qilingan “Media Maktab” loyihasining darslariga rasman start berildi.

Ta’kidlash joizki, Respublika kontent markazi, Ilm-fan va ta’lim-tarbiyani rivojlantirish “Ziyo Forum” fondi hamda “Avlod Media” hamkorligida tashkil etilgan ushbu o‘quv dasturiga yoshlar tomonidan qiziqish juda yuqori bo‘ldi. E’lon qilingan qisqa muddat ichida kursda o‘qish istagini bildirib 500 dan ortiq arizalar kelib tushdi. Ular orasidan eng iqtidorli, kreativ va sohaga qiziqishi yuqori bo‘lgan 20 nafar ishtirokchi saralab olinib, guruh shakllantirildi.

Loyiha haqida qisqacha

Ushbu maxsus o‘quv dasturi Toshkent shahrida yashovchi yoki tahsil oluvchi 18–30 yoshdagi yoshlar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, darslar mutlaqo bepul, oflayn formatda 1,5 oy davomida olib boriladi. Dasturning asosiy maqsadi ishtirokchilarga raqamli platformalar uchun zamonaviy jurnalistik materiallar yaratishni o‘rgatish, auditoriyani tushunish va qisqa videolar ssenariysini tuzish ko‘nikmalarini shakllantirishdan iborat.

Faqat quruq nazariya emas, real amaliyot maydoni

“Media Maktab”ning eng katta o’ziga xosligi va yutug‘i – bu darslarning quruq nazariyadangina iborat bo‘lmasligidadir. Dasturga ko‘ra, talabalar tezkor axborot tayyorlashni haqiqiy tahririyat muhitini eslatuvchi jarayonlar orqali o‘rganishi, kutilmagan stressli vaziyatlarda ishlashni esa tayyorgarliksiz tashkil etiladigan to‘satdan matbuot anjumanlarida amalda sinab ko‘rishi belgilangan. Bundan tashqari, yoshlarning ommaviy joylarda, ochiq ko‘cha sharoitida notanish odamlar bilan yuzma-yuz muloqot qilib, qo‘rquvni yengish va erkin ishlash mashqlarini bajarishi ham rejalashtirilgan.

Ishtirokchilar nimalarni o‘rganishadi?

Asosan, kuchli mediaekspert, “Factchecknet.uz” bosh muharriri hamda Zamonaviy jurnalistikani rivojlantirish markazi media treneri Dilfuza Mirzahmedova tomonidan olib boriladigan o‘quv jarayoni 1,5 soatdan iborat 12 ta maxsus mashg‘ulotni o‘z ichiga oladi. Bundan tashqari, “Media maktab” uchun televideniye jurnalistlari, reportyorlar, professional notiqlar hamda yetakchi operator va montajchilarni ham ustoz sifatida jalb qilish maqsad qilingan.

Kurs davomida saralangan 20 nafar yosh quyidagi dolzarb yo‘nalishlarni chuqur o‘zlashtiradilar:

  • Zamonaviy jurnalistika va storitelling: Auditoriya ehtiyojlarini o‘rganish, qiziqarli mavzu va to‘g‘ri fokus tanlash, hodisani raqamli platformalar uchun jonli hikoyaga aylantirish.
  • Qisqa video formatlari yaratish: Reels, Shorts, TikTok va Telegram Video platformalari uchun e’tiborni tortuvchi 30–60 soniyali jurnalistik videolar ssenariysini yozish sirlari.
  • Faktcheking va OSINT (Ochiq manbalar asosida tekshiruv): Ma’lumotlar, iqtiboslar, foto va videolarni tekshirish, shuningdek, feyk xabarlar hamda sun’iy intellekt orqali yaratilgan manipulyatsiyalarni aniqlash.
  • Sun’iy intellekt bilan ishlash: Jurnalistlar uchun sun’iy intellektdan g‘oyalar izlash, matnlarni tahrirlash va materiallarni moslashtirishda ko‘makchi sifatida unumli foydalanish.
  • Raqamli xavfsizlik va media huquqi: Jurnalistning huquq va majburiyatlari, raqamli gigiyena hamda manbalar bilan ishlash etikasi.
  • Kamera xarizmasi va Stand-up san’ati: Kamera psixologiyasi, ko‘z bilan aloqa o‘rnatish, tana tili va joy muhitini tasvirlab, reportaj hissini tabiiy yetkazib berish.
  • Media huquqi va etikasi: So‘z erkinligi, xolislik, manfaatlar to‘qnashuvi va real huquqiy keyslar tahlili.

Amaliyot va yakuniy natija

“Media Maktab” shunchaki nazariy darslardan iborat emas. Dastur davomida ishtirokchilar nazariyani shu yerning o‘zida, jamoa bo‘lib amalda sinab ko‘rishadi.

Kurs yakuniga kelib, har bir ishtirokchi yoki mini-guruh o‘zining yakuniy raqamli media mahsulotini taqdim etishi belgilangan. Bu loyiha quyidagi formatlardan birida bo‘ladi:

  • Qisqa video reportaj;
  • Tushuntiruvchi video (eksplayner);
  • Qahramon hikoyasi yoki intervyu.

Darslar yakunlangach barcha ishtirokchilarga kursni tugatganligi haqida sertifikatlar topshiriladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari