12:35, Iyul 8, 2026
/
253

87 yoshli erkak eng keksa abituriyentga aylandi

2026-yilgi Ruminiyadagi qabul kampaniyasining eng yoshi katta abituriyenti 87 yoshli Viorel Pintilesku bo‘ldi. Pensioner Yassi shahridagi Tabiiy fanlar universitetining qishloq xo‘jaligi fanlari fakultetiga hujjat topshirdi, u yerda biolog mutaxassisligini olishni niyat qilgan.

1939-yilda tug‘ilgan Viorel Pintilesku maktab attestatini uzoq 1965-yilda olgan. O‘qishni bitirishi bilanoq u qurolli kuchlar safiga chaqirilgan va u yerda jami 35 yil xizmat qilgan. Otaxonning so‘zlariga ko’ra, oradan o‘nlab yillar o‘tib talabalik hayotini boshlash qarori ham shaxsiy, ham intellektual sabablar bilan bog‘liq.

Pintileskuning farzandlari allaqachon ulg‘aygan va o‘z oilalarini qurishgan. O‘zi esa yangi mashg‘ulot topishga hamda yaqinda vafot etgan turmush o‘rtog‘ining ayriliq dardini yengishga harakat qilmoqda. Bundan tashqari, pensioner oliy ta’limni aqliy faollikni saqlab qolishning eng muhim vositasi deb biladi. Shuningdek, u tarixan mamlakatning madaniy va intellektual markazi hisoblangan Yassi shahrida yashash dunyoqarashni kengaytirish uchun ajoyib imkoniyat ekanini ta’kidladi.

“Universitet – juda to‘g‘ri va foydali mashg‘ulot. Va bu shunchaki uyda yotib uxlashdan ko‘ra ancha yaxshi. Inson dunyodan nodon bo‘lib ketmasligi kerak va ketolmaydi ham”, – deya Pintileskuning so‘zlaridan iqtibos keltiradi “Ziarul de Iași” gazetasi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari