13:10, Iyul 8, 2026
/
408

Toshkentda nufuzli universitetlar talabalari ishtirokidagi kibertarmoq fosh etildi (video)

“Xavfsiz va sog’lom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Ichki ishlar vazirligi Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xodimlari tomonidan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirlar natijasida yirik jinoiy tarmoq fosh etildi.

Olib borilgan surishtiruv harakatlari davomida aniqlanishicha, mazkur jinoiy guruh a’zolari xorijiy davlatlar fuqarolarining ishonchiga kirib, ularga soxta investitsiya va kriptovalyuta loyihalarini taklif qilish orqali millionlab mablag‘larni firibgarlik yo‘li bilan o‘zlashtirib kelgan. Noqonuniy faoliyatga chet tillarini mukammal biluvchi yoshlar, jumladan, nufuzli oliy ta’lim muassasalari talabalari jalb etilgan.

Tezkor tadbir davomida quyidagilar aniqlandi va hujjatlashtirildi:

  • Yashnobod tumanida: Biznes-markazlaridan birining 6-qavatida joylashgan koll-markazda jami 97 nafar shaxs aniqlandi. Ularning 5 nafari chet el fuqarolari ekanligi ma’lum bo‘ldi.
  • Yakkasaroy tumanida: Boshqa bir biznes-markazning 11-qavatida tashkil etilgan navbatdagi koll-markazda xorijlik fuqarolarni aldash bilan shug‘ullanib kelgan 34 nafar shaxs aniqlandi. Ularning 3 nafari chet el fuqarosi ekanligi qayd etildi.

Jinoiy sxemaning ishlash mexanizmi: Guruh a’zolari (boshqaruvchilar, operatorlar, jamoa sardorlari) tomonidan 70 foizgacha yuqori daromad va’da qiluvchi fishing (soxta) havolalar tayyorlangan. So‘ngra Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya, Norvegiya, Gollandiya, Daniya kabi davlatlar fuqarolariga soxta raqamlar orqali qo‘ng‘iroq qilinib, o‘zlarini “treyder” sifatida tanishtirgan holda ularning kriptoaktivlarini o‘zlashtirib kelishgan. Xodimlar qat’iy konspiratsiya va xavfsizlik qoidalariga rioya qilgan holda, maxsus qo‘riqlanadigan binolarda taxalluslar (psevdonimlar) ostida faoliyat yuritgan.

Ashyoviy dalil sifatida olingan texnik vositalar: Tintuv tadbirlari davomida jinoiy guruh tomonidan foydalanilgan quyidagi vositalar protsessual tartibda rasmiylashtirilib, musodara qilindi:

  • 136 ta kompyuter va 90 ta monitor;
  • 73 ta protsessor va 53 ta monoblok;
  • 320 ta telefon apparati;
  • 128 ta qattiq disk (HDD/SSD) va 175 ta xotira qurilmasi (fleshka);
  • 2 ta seyf, 1 ta fotoapparat hamda 189 ta IP-quloqchinlar.

Ko‘rilgan qonuniy choralar: Mazkur holat yuzasidan IIV Kiberjinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Tergov boshqarmasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jinoyat sxemasi tashkilotchisi bo‘lgan chet el fuqarosi hamda u bilan til biriktirgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi (1978-yilda tug‘ilgan) aniqlanib, qo‘lga olindi. Jinoiy uyushmaning ushbu 2 nafar rahbari hamda Yashnobod tumanidagi koll-markaz faoliyatiga mas’ul bo‘lgan 8 nafar asosiy gumonlanuvchiga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi. Bundan tashqari, yana 10 nafar shaxs hibsga olindi. Qolgan 111 nafar fuqaroga nisbatan tezkor-surishtiruv va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Hozirda IIV Xalqaro hamkorlik boshqarmasi va Interpol milliy markaziy byurosi orqali Yevropa va Shimoliy Amerika davlatlarining huquq-tartibot idoralariga rasmiy so‘rovnomalar tayyorlanmoqda. Tergov harakatlari davom etmoqda.

Fikrlar (0)
Avval yangilari