15:08, Iyul 10, 2026
/
449

“Fantastik orzular” yoxud oddiy talabaning uy va mashina haqida o‘ylashga nega haqqi yo‘q?

Talaba uy va mashina olish uchun qancha ishlashi kerak?

So‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda aholi soni ham, uy-joyga bo‘lgan talab ham, shunga mos ravishda qurilishlar ko‘lami ham jadal o‘sib bormoqda. Xususan, yoshlarning asosiy oqimini o‘ziga tortadigan poytaxt Toshkentda uy-joyga bo‘lgan talab keskin oshib bormoqda. Poytaxtda bo‘sh yerning o‘zi deyarli qolmagani sababli, yangi qurilishlar tobora shahar chekkalariga ko‘chmoqda.

Kvadrat metr narxlari osmonda, mamlakatdagi o‘rtacha oylik maosh esa hatto 7 million so‘mga ham yetmaydi. O‘rtadagi tafovutni solishtirishning o‘zi og‘riqli: oddiy fuqaro uchun shaxsiy uy xarid qilish o‘nlab yillarni talab qilsa, talaba uchun bu shunchaki ushalmas orzudek gap. Davlat tomonidan beriladigan subsidiya ham boshlang‘ich to‘lovning atigi yarmini yoki uchdan bir qismini qoplaydi, xolos.

Xo‘sh, talabalarning bugungi xarid qobiliyati aslida qanday? Ular o‘z uyi yoki mashinasiga ega bo‘lishi uchun qancha ishlashi kerak? Navbatdagi maqolamizda shu savollarga javob qidiramiz.

Ijara bozori: tartibsizlik va “uddaburon” maklerlar

Bugun uy sotib olish u yoqda tursin, ijaraga xonadon topishning o‘zi bosh og‘rig‘iga aylangan. Ijara bozori mamlakatimizdagi eng palapartish va tartibga solinmagan sohalardan biridir. Yoshlar ijaraga uy topish uchun internet titkilaydi yoki maklerlarga murojaat qilishga majbur bo‘ladi. Ko‘p hollarda uy egasiga yetib borguncha, aynan o‘rtakashlarning shartlariga ko‘nishga to‘g‘ri keladi. Maklerlar ijara narxining 50 foizi miqdorida xizmat haqqi undirsa-da, bu daromaddan davlatga bir tiyin ham soliq to‘lamaydi.

Maosh va narxlar o‘rtasidagi jarlik

Ijarada sarson bo‘lishdan bezgan yoshlar tezroq o‘z uyiga ega bo‘lishni xohlaydi. Biroq so‘nggi 3 yil ichida Toshkentda ko‘chmas mulk narxlari o‘rtacha 2-3 barobarga oshib ketdi. Markaziy tumanlarda 1 kvadrat metr joy 1500-2000 dollargacha baholanishi odatiy holga aylandi.

Poytaxtda viloyatdagiga nisbatan ko‘proq maosh to‘lansa-da, kundalik sarf-xarajatlar oldida bu pul ko‘zga ko‘rinmaydi. Hozirda yangi qurilgan uylarning kvadrati 900 dollardan 2200 dollargacha baholanmoqda. O‘rtacha maosh va uy narxlari o‘rtasidagi jarlik esa yildan-yilga kengayib bormoqda.

Birlamchi bozorda eng yuqori narxlar, asosan, Mirobod, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarida. Sotuv e’lonlariga ko‘ra 1 kvadrat metr narxlari quyidagicha:

  • Mirobod: 1 470 dan 2 200 dollargacha;
  • Yakkasaroy: 1 400 dan 2 000 dollargacha;
  • Shayxontohur: 1 350 dan 1 950 dollargacha.

Bu tumanlarda 1 m² uchun 2 500–3 000 dollar va undan yuqori narxli turar-joy majmualari mavjud, ammo ularni hisobga olmaganimiz ma’qul degan qarorga keldik. Chunki ularning narxlari umumiy bozorni aks ettirmaydi.

O‘rtacha darajadagi narxlar Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod va Chilonzorda: 1 kv.m. 1300–1650 dollar. Eng arzon tumanlar: Sergeli (900 dollardan 1200 dollargacha) va Bektemir (900 dollardan 1250 dollargacha).

1 xonali kvartiralar (40 m²)

Yangi qurilgan va ikkilamchi uylar orasidagi eng katta farq ham yana Mirobod, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarida. Bektemir va Sergelida farq minimal, 4-8 ming

2 xonali kvartiralar (60 m²)

Ikki xonali uylar – ko‘chmas mulk bozoridagi eng xaridorgir obyektdir. Ular ikkilamchi bozorda ham, yangi binolarda ham birdek tez sotiladi. Markaz va shahar chekkasidagi narxlar tafovuti aynan shu toifadagi uylarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Yangi qurilgan majmualarda bu farq hatto 100 ming dollargacha yetishi mumkin.

3 xonali kvartiralar (80 m²) Uch xonali kvartiralarda maydon kattalashgani sari hududlar o‘rtasidagi narx tafovuti yanada yaqqolroq namoyon bo‘ladi. Ayniqsa, Mirobod, Yakkasaroy va Shayxontohur tumanlarida joylashgan yangi qurilgan turar-joy majmualaridagi uch xonali kvartiralarning narxi 120 ming dollar va undan yuqori qiymatda taklif etilyapti. Bu holat ushbu tumanlarda joylashgan yangi uy-joylarga bo‘lgan yuqori talab hamda ularning qulay joylashuvi bilan bog‘liq.

10 yil ichida narxlar qanday o‘zgardi?

So‘nggi o‘n yillikda Toshkentdagi uy-joy bozori uchta asosiy bosqichni bosib o‘tdi: pasayish, turg‘unlik va 2021-2023-yillardagi keskin qimmatlashish. Hozirgi kunga kelib esa bu o‘sish sur’ati biroz sekinlashgan.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tahlillariga ko‘ra, 2025-yilda respublika bo’yicha ikkilamchi uy-joylar 7,9 foizga qimmatlagan bo‘lsa-da, poytaxtda bu o‘sish atigi 0,6 foizni tashkil etdi.

Biroq yangi qurilgan uylar narxi jadal o‘sishda davom etmoqda: poytaxt bo‘yicha o‘rtacha 9 foiz, xususan, Mirobod tumanida 18 foiz hamda Yashnobod tumanida 14 foizga qimmatlagan.

Yangi qurilishlar va ikkilamchi turar joy o‘rtasidagi farq muntazam oshib boryapti. Talab yuqori bo‘lgan tumanlarda yangi qurilishdagi kvartira ikkilamchi bozordagi o‘xshash kvartiradan 1,5–2 barobar qimmat bo‘lishi mumkin. Kvartira narxi sotish shartlariga qarab ham farq qilishi mumkin. Ba’zi sotuvchilar xaridor butun summani birdaniga to‘laydigan bo‘lsa, chegirma qilishga tayyor bo‘ladi. Boshqa hollarda kvartira muddatli to‘lov yoki boshqa shartlarda sotiladi, bu ham yakuniy narxga ta’sir qiladi. Shu bois bir tumandagi o‘xshash kvartiralar turli narxlarda bo‘lishi mumkin.

Iqtisodchi Behzod Hoshimov uy-joy qimmatligi depopulyatsiyaga turtki bo‘layotganini yozadi.

“O‘zbekistonda uy-joy qurilishini iloji boricha jadallashtirish kerak. Yiliga qurilayotgan qariyb 100 mingta xonadon mamlakat urbanizatsiyasi uchun yetarli emas, tabiiy talabni qondirishga arang yetyapti. Katta shaharlarda yanada ko‘proq turarjoylar qad rostlashi shart. Shaharlarda tug‘ilish ko’rsatkichi ancha kamaygan, buning asosiy sabablaridan biri ham aynan uy-joyning qimmatligi va qurilishlarning yetishmasligidir”, – deb ta’kidlaydi “Iqtisodchi kundaligi” blogi muallifi o‘z sahifasida.

Mashina narxlari-chi?

Rivojlangan davlatlarda avtomobilga shunchaki manzilga eltuvchi vosita deb qaralsa, bizda u obro‘ o‘lchovi va qadrli mulkka aylangan. Eng muhim ehtiyojlardan qirqib bo‘lsa-da, “odamlar nima deydi” degan andisha bilan albatta yangi mashina minishga intilamiz.

Xo‘sh, mahalliy avtosanoatimiz narxlari qanday holatda? Bozordagi eng ommabop avtomobil bo‘lgan Cobalt 146-155 mln so‘m atrofida sotilmoqda. Boshqa modellarning narxlari quyidagicha:

  • Damas, Labo – 92-96 mln so‘m
  • Onix – 176-230 mln so‘m
  • Tracker – 220-280 mln so‘m
  • Captiva – 319-349 mln so‘m
  • Malibu – 375-419 mln so‘m
  • Equinox – 408-472 mln so‘m
  • Traverse – 737 mln so‘m
  • Tahoe – 1 mlrd 109 mln so‘mdan oshadi.

Hali bu ro‘yxatga narxi ancha baland bo‘lgan elektromobillarni kiritmadik…

Talabalar qanday fikrda?

О‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi Turg‘unbek To‘rayev talaba bo‘lsa-da, mashinasiga ega. Uning aytishicha, u o‘z shaxsiy avtomobilini oliygohga kirishdan oldin xarid qilgan.

“Talaba uchun mashina ham yaxshi, ham yomon jihatlarga ega. Nega? Deylik, mashinangiz bo‘lsa, universitetga borishda uzog‘ingiz yaqin bo‘ladi va qo‘shimchasiga taksichilik qilib, xarajatlaringiz uchun mablag‘ topishingiz mumkin. Stipendiya kam va albatta bunaqa sharoitda mashina qandaydir ma’noda qo‘shimcha mablag‘ bo‘lishi mumkin”, – deydi u.

U o‘zi shusiz ham katta mablag‘ga ega bo‘lmagan vaziyatda shaxsiy avtoulov bilan harakatlanishning minus jihatlariga ham to‘xtaldi.

“Mashina haydayapsizmi, demak sizda faqat kirim bo‘lmaydi. Benzin uchun, avtojihozlar uchun pul sarflashingiz tabiiy. Benzin qimmat, bilasiz. Agar propan bilan haydayman desangiz ham, baribir cho‘ntakka og‘irlik qiladi”, – deydi u.

Talaba yigit uy-joy olish va ularning narxlariga ham to‘xtaldi. Xususan, u narxlar oddiy yoshlar uchun juda katta ekani, uy olish uchun ancha muddat ishlashga to‘g‘ri kelishini urg‘uladi.

Xulosa

Yoshlik – eng katta imkoniyatlar davri bo‘lishi kerak, ammo bizda u uy-joy yoki mashina ilinjidagi tinimsiz poygaga aylanib qolmoqda. Uy-joy narxlari bilan oylik maoshlar o‘rtasidagi jarlik shunchalik kengki, oddiy talaba uchun shaxsiy boshpana qurish nafaqat moliyaviy, balki ruhiy sinovga ham teng. Biz esa yechimni “ko‘proq ishlash”da emas, balki shaharsozlikni odamlar ehtiyojiga moslashda, ijara bozorini tartibga solishda va eng muhimi, yoshlarni bir umr qarz to‘lashga emas, bilim olishga va kreativlikka undaydigan ijtimoiy muhitni shakllantirishda ko‘rishimiz kerak. Orzularimiz shunchaki beton va temirga almashib qolmasligi uchun jamiyat va davlat siyosatida o‘zgarishlar vaqti allaqachon yetib kelgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari