2026/2027-o‘quv yilida Bekobod kombinatida qora metallurgiya bo‘yicha dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi

Yangi o‘quv yilidan boshlab Bekobod kombinatida qora metallurgiya bo‘yicha kafedra ochilib, dual ta’lim yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyev 13-iyul kuni Bekobod shahrida O‘zbekiston metallurgiya kombinatida amalga oshirilayotgan ishlar va yangi loyihalar bilan tanishish vaqtida ma’lum qildi.
Davlat rahbarining aytishicha, metallurgiya sohasiga Navoiy kombinatining markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi, Olmaliq kombinatining ilmiy-texnologik markazi, Texnologik metallar kombinatining “O‘zbekiston – Koreya” ilmiy-texnologik markazi, Toshkent texnika universiteti, Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti, Olmaliq texnika instituti hamda “Moskva po‘lat va qorishmalar instituti”ning Olmaliq filiali biriktirildi. Ushbu ilmiy muassasalar va oliygohlar yangi turdagi materiallarga talabni, uni qoplash uchun qaysi hududda qanday loyiha qilish va qanday texnologiyadan foydalanish zarurligini, qaysi yo‘nalishlarda kadr tayyorlash kerakligini tahlil qiladi.
Sohani rivojlantirish bo‘yicha har bir hudud kesimida bir yillik, uch yillik va besh yillik dasturlar ishlab chiqilib, viloyat hokimlariga yetkaziladi.
Shu bilan birga, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markaziga metallurgiya sohasidagi muammolarni bir joyga jamlaydigan raqamli platformani ishga tushirish topshirildi. Ilmiy muassasalar va oliygohlarning tadqiqotlari amaliyotdagi muammolarga yechim topish, korxonalarni rivojlantirish va texnologik yangilanishni tezlashtirishga qaratilgan bo‘lishi zarurligi ta’kidlandi.
Prezident ilmiy ishlanmalarni moliyalashtirish va amaliyotga joriy qilish bo‘yicha venchur fond tashkil etish bo‘yicha topshiriq berdi va sohada “texnologik sakrash” qilish zarurligini ta’kidlab, yil yakuni bilan har bir mas’ul rahbardan qat’iy so‘rov va javobgarlik bo‘lishi haqida ogohlantirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq YUNESKO bilan hamkorlik qiluvchi universitet hamkorligida qo‘shma fakultet ochilishi haqida yozgan edik. Bunda toʻliq dual taʼlim asosida mutaxassislar tayyorlash va boshqaruv kadrlarini qayta tayyorlash tizimi yoʻlga qoʻyiladi.