07:57, Iyul 17, 2026
/
356

Qashqadaryolik imkoniyati cheklangan qiz nufuzli xorijiy universitetlarga grant asosida talabalikka tavsiya etildi (video)

Qashqadaryo viloyati Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasining xabar berishicha, viloyatdagi 20-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Tohirova Jasmina Bobomurod qizi bir qator xorijiy oliy ta’lim muassasalariga grant asosida o‘qishga tavsiya qilindi.

Jasmina Tohirovaning jismoniy imkoniyati cheklangan bo‘lib, u yozuv ishlarini oyoqlari yordamida bajaradi. O‘quvchi 1-sinfga qabul qilingan vaqtida darsliklardagi topshiriqlarga o‘qituvchilari ko‘magida asosan og‘zaki javob bergan. Keyinchalik esa barcha yozma vazifalarni oyoqlari yordamida mustaqil yozishni o‘zlashtirgan.

Jasmina o‘z intilishlari ortidan bir qator muvaffaqiyatlarga erishgan. Xususan, jurnalistika yo‘nalishida tahsil olish maqsadida “Yosh jurnalistlar” maktabi kastingida qatnashib, 76 foizlik ko‘rsatkich bilan maxsus sertifikatni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, joriy o‘quv yili davomida ingliz tili fanidan B1 hamda tarix fanidan C+ darajadagi milliy sertifikatlar sohibasiga aylangan.

Bundan tashqari, u “Abituriyent test markazi” tomonidan o‘tkazilgan imtihonlarda ishtirok etish orqali Xitoy, Chexiya va Malayziya davlatlarining nufuzli universitetlariga 100 foizlik grant asosida talabalikka tavsiya etildi.

“Avlod Media” jamoasi Jasminani yutuqlari bilan tabriklab, uning kelgusi faoliyatiga omad tilaydi!

Fikrlar (0)
Avval yangilari