09:32, Iyul 20, 2026
/
269

Xotin-qizlar uchun ajratilgan 2500 va 4000 talik kvotalarning farqi nimada?

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan xotin-qizlar uchun ajratilgan ta’lim kvotalari abituriyentlar orasida chalkashliklarni yuzaga keltirmoqda. Aslida, bu ikki tizimning huquqiy asosi, maqsadi, qamrab oladigan auditoriyasi va ajratilayotgan o‘rinlar soni butunlay boshqa-boshqa.

4000 talik qo‘shimcha davlat granti (Ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun)

Mazkur imtiyoz O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tegishli Farmoni (PF-87) bilan tartibga solinadi. Uning maqsadi – turmush sharoiti og‘ir, ijtimoiy himoyaga muhtoj (yetim, boquvchisini yo‘qotgan, ijtimoiy daftarlarda turuvchi va h.k.) xotin-qizlarning oliy ta’lim olishini davlat tomonidan to‘liq bepul qo‘llab-quvvatlashdir.

O‘tgan yillarda ham mazkur toifa uchun 4000 ta kvota ajratilgan bo‘lib, 2026/2027-o’quv yili uchun ham respublika oliy ta’lim tashkilotlarining kunduzgi ta’lim shakli boʻyicha jami 4 000 ta qo‘shimcha davlat granti ko‘rsatkichlari saqlab qolindi. Ushbu o‘rinlar aniq bir oliygohga emas, balki hududlar (Qoraqalpog‘iston, viloyatlar va Toshkent shahri) hamda turli fan yo‘nalishlari, xususan, aniq va tabiiy fanlar, texnika fanlari va tibbiyot fanlari kesimida taqsimlanadi.

2500 talik to‘lov-kontrakt kvotasi (5 yillik stajga ega xotin-qizlar uchun)

Bu mutlaqo boshqa imtiyoz bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tartibga solinadi. U ijtimoiy yordamdan ko‘ra, asosan, xotin-qizlarning kasbiy va karyera o‘sishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Ya’ni, qaysidir sohada mutaxassisligi boʻyicha kamida besh yil ish stajiga ega boʻlgan, lekin oliy ma’lumoti yo‘qligi sababli lavozimida ko‘tarila olmayotgan tajribali ayollar uchungina mo‘ljallangan.

O‘tgan o‘quv yillarida bu toifa uchun respublika bo‘yicha jami 500 ta o‘rin ajratib kelingan bo‘lsa, 2026/2027-o‘quv yili uchun bu ko‘rsatkich keskin oshirilib, jami 2 500 tani tashkil etdi. Eng asosiy farqi – bu imtiyoz grant emas, balki to‘lov-kontrakt asosidagi qabul parametrlari hisoblanadi. O‘rinlar esa hududlarga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy ta’lim tashkilotlari kesimida taqsimlanadi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari