Har 825 talabadan bittasiga: davlat stipendiyalari kvotalari tasdiqlandi

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining 2026-yil 15-iyuldagi 02/10-5795-sonli xati bilan 2026/2027-o‘quv yili uchun respublika oliy ta’lim muassasalari va ta’lim yo‘nalishlari kesimida Prezident va nomli davlat stipendiyalari kvotalari tasdiqlandi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, yangi o‘quv yilida iqtidorli talabalar uchun jami 776 ta davlat stipendiyasi ajratiladi.
Stipendiyalar quyidagicha taqsimlangan:
- Prezident stipendiyasi – 187 ta;
- Islom Karimov stipendiyasi – 194 ta;
- Navoiy stipendiyasi – 175 ta;
- Bobur stipendiyasi – 51 ta;
- Imom al-Buxoriy stipendiyasi – 44 ta;
- Beruniy stipendiyasi – 38 ta;
- Ibn Sino stipendiyasi – 33 ta;
- Abdulla Avloniy stipendiyasi – 16 ta;
- Ulug‘bek stipendiyasi – 13 ta;
- To‘lepbergen Qaipbergenov stipendiyasi – 11 ta;
- Ibroyim Yusupov stipendiyasi – 11 ta;
- Pahlavon Mahmud stipendiyasi – 3 ta.
Eslatib o‘tamiz, Prezidentning 2026-yil 23-iyundagi PF–115-son Farmoniga muvofiq, 2026-yil 1-sentyabrdan byudjet tashkilotlari xodimlarining ish haqi hamda talabalar stipendiyalari 7 foizga oshiriladi.
Shunga ko‘ra, davlat stipendiyalari miqdori quyidagicha bo‘lishi kutilmoqda:
- Prezident davlat stipendiyasi – 2 579 444 so‘m (oyiga) (avval 2 410 695 so‘m);
- Islom Karimov, Navoiy, Bobur, Imom al-Buxoriy, Beruniy, Ibn Sino, Abdulla Avloniy, Ulug‘bek, To‘lepbergen Qaipbergenov, Ibroyim Yusupov va Pahlavon Mahmud nomli davlat stipendiyalari – 1 719 629 so‘m (oyiga) (avval 1 607 130 so‘m).
Eslatma: yuqoridagi summalar PF–115-son Farmonida belgilangan 7 foizlik oshirish asosida hisoblangan. Vakolatli organlar yakuniy stipendiya miqdorlarini alohida tasdiqlasa, rasmiy summalar shunga muvofiq e’lon qilinadi.
Amaldagi qoidalarga ko‘ra, Prezident stipendiyasi faqat oxirgi kurs (asosan, 4-kurs) talabalariga beriladi. Nomli davlat stipendiyalari (Navoiy, Beruniy, Ulug‘bek va boshqalar) esa oxirgi ikkita kurs (3- va 4-kurs) talabalariga beriladi.
Oliy ta’limning so‘nggi statistikasiga ko‘ra, hozirda respublikamizda 3-kursda 345 342 nafar, 4-kursda esa 294 574 nafar talaba tahsil olmoqda. Demak, ushbu nufuzli stipendiyalar uchun asosiy raqobat maydonida jami 639 ming 916 nafar talaba bor.
Bu shuni anglatadiki, oliy ta’lim muassasalarida nufuzli stipendiyani qo‘lga kiritish imkoniyati har 825 nafar yuqori kurs talabasidan faqat 1 nafariga to‘g‘ri keladi. Ya’ni, umumiy da’vogarlar qatlamining atigi 0,12 foizi ushbu imkoniyatga ga chiqa oladi.