07:46, Iyul 21, 2026
/
503

Qashqadaryoda talabani ishga olish uchun 500 dollar so‘ragan direktor qamaldi

Qashqadaryoda maktab direktori o‘qituvchini ishga qabul qilishni va’da qilib, fuqarodan 500 AQSH dollari (taxminan 6 million so‘m) talab qilgan. Tezkor tadbir davomida aynan shu miqdordagi porani olayotgan vaqtida ushlangan mansabdor 5 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Mirishkor tuman sudi 2026-yil 23-iyun kuni 30-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi direktori F.G.ga nisbatan hukm chiqardi. Sud hujjatlariga ko‘ra, aybanuvchi 2026-yil fevral oyidan buyon ushbu maktabda direktor lavozimida ishlab kelgan. U mansab vakolatidan foydalanib, fuqaroni maktabga fizika fani o‘qituvchisi sifatida ishga qabul qilish evaziga noqonuniy moddiy manfaat talab qilgan.

Sudda aniqlanishicha, Qarshi davlat universiteti Fizika fakultetining 4-bosqich talabasi X.A. 2026-yil aprel oyida Mirishkor tumanidagi maktablarda fizika fani o‘qituvchisi bo‘lib ishlash uchun bo‘sh ish o‘rni izlay boshlagan. U dastlab 19-sonli maktab direktoriga murojaat qilgan, so‘ng unga 30-sonli maktabda bo‘sh ish o‘rni mavjudligi aytilgan. F.G. ishga qabul qilish evaziga undan 500 AQSH dollari talab qilgan. Talaba bu talabni noqonuniy deb hisoblab, huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilgan.

Ariza asosida Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Mirishkor tuman bo‘limi tomonidan tezkor tadbir tashkil etilgan. Tadbir uchun 6 million so‘m miqdoridagi maxsus kimyoviy ishlov berilgan pullar tayyorlangan. Kupyuralarga “Pora-2026” yozuvi tushirilgan, maxsus kukun surtilgan hamda ekspertlar ishtirokida rasmiylashtirilgan.

2026-yil 23-aprel kuni X.A. 30-sonli maktabga kelib, direktorga pulni topshirgan. Direktor dastlab 1 million 200 ming so‘mni olgan, keyinchalik esa qolgan summani ham xizmat xonasida qabul qilgan. Pulni olib xonadan chiqqan zahoti u tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ushlangan. Direktorning qo‘llarida ultrabinafsha chiroq ostida kimyoviy modda izlari aniqlangan, xizmat xonasidagi javondan esa 6 million so‘m topilgan. Pullarning seriya raqamlari bayonnomada qayd etilgan raqamlar bilan to‘liq mos kelgan.

Sud majlisida audio va video yozuvlar, kimyoviy ekspertiza xulosasi hamda guvohlarning ko‘rsatmalari tekshirilgan. F.G. sudda aybiga qisman iqror bo‘lib, pulni “qo‘shimcha dars soatlari” evaziga olganini bildirgan. Biroq sud ushbu izohni ish materiallari bilan tasdiqlanmagani sababli rad etgan.

Sud F.G.ni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi (pora olish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Unga 5 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish, shuningdek, 2 yil davomida davlat muassasalarida mansabdorlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etish jazosi tayinlandi. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilandi.

Shuningdek, pora predmeti bo‘lgan 6 million so‘m davlat daromadiga o‘tkazildi.

Hukm ustidan qonunda belgilangan tartibda apellyatsiya yoki kassatsiya shikoyati berilishi mumkin.

Fikrlar (0)
Avval yangilari