Xorijiy til mutaxassislari uchun magistraturaga kirishda til sertifikati talab etilmaydi: shartlar qanaqa?

2026/2027-o‘quv yilidan e’tiboran bakalavriat bosqichini to‘liq xorijiy tilda tamomlagan yoshlar uchun qulaylik yaratildi. Unga ko‘ra, bunday bitiruvchilar magistraturaga hujjat topshirish jarayonida xorijiy tilni bilishini tasdiqlovchi milliy yoki xalqaro sertifikat topshirish majburiyatidan ozod qilinadi.
Ushbu imtiyoz quyidagi shartlar bajarilganda amal qiladi:
- Bakalavriat ta’lim dasturi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 2024-yil 24-maydagi 3515-sonli qo‘shma qarorida ko‘rsatilgan 16 ta xorijiy tildan birida o‘zlashtirilgan bo‘lishi kerak.
- Abituriyent o‘qishga kirgan yildagi qabul parametrlariga ko‘ra aynan o‘sha xorijiy tilda tahsil olgani va bu holat bakalavr diplomi ilovasida aniq qayd etilgan bo‘lishi lozim.
Diqqat qiling: Agar diplom ilovasida ta’lim tili yozilmagan bo‘lib qolsa, bakalavriat dasturi xorijiy tilda o‘qitilgani oliy ta’lim muassasasi tomonidan beriladigan maxsus ma’lumotnoma asosida belgilanadi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining qo‘shma qaroriga muvofiq, magistraturaga kirishda xorijiy til sertifikatidan ozod etilish imkonini beruvchi 16 ta xorijiy til quyidagilardan iborat:
- Ingliz tili
- Fransuz tili
- Nemis tili
- Ispan tili
- Italian tili
- Arab tili
- Xitoy tili
- Yapon tili
- Koreys tili
- Turk tili
- Pushtu tili
- Dariy tili
- Urdu tili
- Hindiy (hind) tili
- Uyg‘ur tili
- Fors tili