Abduqodir Toshqulov Tojikistonda “Faxriy professor” unvoni bilan taqdirlandi

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida oliy ta’lim, ilm-fan va innovatsiyalar sohasidagi hamkorlik izchil rivojlanmoqda. Shu hamkorlikning yuksak e’tirofi sifatida Termiz davlat universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Abduqodir Toshqulov Tojikiston davlat moliya va iqtisod universitetida “Faxriy professor” unvoni bilan taqdirlandi. Surxondaryo viloyati hokimligining xabar berishicha, mazkur unvon professorga oliy ta’lim tizimida xalqaro akademik aloqalarni rivojlantirish, qo‘shma ilmiy tadqiqotlar va ta’lim dasturlarini kengaytirishga qo‘shgan munosib hissasi uchun berilgan.
Shuningdek, tashrif davomida yana bir muhim kelishuvga ham erishildi. Unga ko‘ra, Tojikiston Respublikasi fuqarolari Termiz davlat universiteti va Tojikiston davlat moliya va iqtisod universitetining moliya hamda buxgalteriya hisobi yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriat va magistratura bosqichlarida qo‘shma ta’lim dasturlari asosida tahsil olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ma’lumot o‘rnida, Tojikiston davlat moliya va iqtisod universiteti Tojikistonning moliya, iqtisodiyot, buxgalteriya hisobi, huquq va axborot texnologiyalari yo‘nalishlarida mutaxassislar tayyorlaydigan yetakchi oliy ta’lim muassasalaridan biri hisoblanadi. Universitet 2018-yilda hozirgi nomini olgan bo‘lib, bugungi kunda bakalavriat, magistratura va doktorantura bosqichlarida ta’lim beradi. 2026-yil iyul oyidagi Webometrics reytingida dunyoda 20 465-o‘rinni, Tojikiston oliy ta’lim muassasalari orasida esa 15-o‘rinni egallagan.