Endi o‘qituvchilar qo‘ygan bahosi uchun “feedback” yozishi shart bo‘ladi

Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini baholash va nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi”gi yangi nizomini tasdiqlashga oid qaror loyihasi joylashtirildi. Unga asosan, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalar uchun bilimni baholash va nazorat qilishning yangi tartibi kuchga kirishi kutilmoqda.
Nima o‘zgarishi kutilmoqda?
Yakuniy nazorat imtihonlari endi ovozli va videokuzatuv kameralari bilan jihozlangan auditoriyalarda o‘tkaziladi. Videoyozuvlar esa kamida bir yil saqlanadi. Bundan tashqari, imtihon jarayonini istalgan shaxs OTMlarning rasmiy veb-saytlari orqali onlayn kuzatishi mumkin bo‘ladi. Bu esa ommaviy nazorat imkoniyatini yaratadi.
Baholash tizimi: 100 ball saqlanadi, lekin izoh majburiy bo‘ladi
Talabani baholashda 100 ballik baholash tizimi o‘zgarishsiz qoladi. Bunda:
- Joriy nazorat – 30 ball;
- Oraliq nazorat – 20 ball;
- Yakuniy nazorat – 50 ball.
Shuningdek, tibbiyot yo‘nalishlari uchun alohida taqsimot belgilanadi. Yangilik shundaki, professor-o‘qituvchilar endi har bir savol bo‘yicha kamida 2–3 gapdan iborat asoslantirish (feedback) yozishi shart bo‘ladi. Ya’ni baho nima uchun qo‘yilgani izohlab beriladi.
Texnik infratuzilma: uch oy muhlat berildi
Imtihonlarni onlayn kuzatish va kompyuterda topshirish platformalarini ishlab chiqish hamda OTMlarni ushbu tizimlarga integratsiya qilish uchun uch oylik muddat belgilangan. Shuningdek, har semestr yakunida talabalar o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazib boriladi.
Maxsus ehtiyojli talabalar uchun moslashtirilgan shakllar
Ko‘rish imkoniyati cheklangan talabalar uchun Brayl alifbosi, ovozli o‘qish va assistent yordami kabi moslashtirilgan imtihon shakllari joriy etiladi.
Eslatma: bu – qaror loyihasi. Ya’ni hujjat hali rasmiy tasdiqlanmagan. Yakuniy matn va uning kuchga kirish sanalari rasmiy qabul qilingach o‘zgarishi mumkin.
Siz bu qaror loyihasi haqida qanday fikrdasiz? Taklif yoki mulohazalaringiz bo‘lsa, izohlarda yozib qoldiring.