15:26, Iyul 30, 2026
/
2,1 тыс

Endi oliygohlarda “5” baho 90 balldan boshlanadi

Avvalroq Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga Vazirlar Mahkamasining “Oliy ta’lim tashkilotlarida talabalar bilimini baholash va nazorat qilish tartibi to‘g‘risidagi”gi yangi nizomini tasdiqlashga oid qaror loyihasi joylashtirilgani haqida xabar bergan edik.

Unga asosan, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab bakalavriat va magistraturaga qabul qilingan talabalar uchun bilimni baholash va nazorat qilishning yangi tartibi kuchga kirishi kutilmoqda. Shulardan biri – talabalar bilimini baholashdagi yillik chalkashliklarga chek qo‘yilishi va yagona qat’iy mezonning o‘rnatilishidir.

Eski tizimdagi chalkashlik nimada edi?

Shu vaqtgacha oliy ta’lim muassasalarida “5” (a’lo) baho necha balldan boshlanishi ko‘plab bahs-munozaralarga sabab bo‘lib kelgan. Bunga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirining 2018-yil 9-avgustdagi 19-2018-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “Oliy taʼlim tashkilotlarida talabalar bilimini nazorat qilish va baholash tizimi toʻgʻrisida”gi Nizomda parallel ko‘rsatilgan ikki xil nomutanosib jadval asosiy sabab bo‘lgan:

1-jadval (GPAni 100 ballikka o‘tkazish shkalasi):

Avvalgi tartibdagi ushbu texnik jadvalda 4.30 va undan yuqori GPA ko‘rsatkichi 86 ball deb belgilangani sababli, aksariyat OTMlar o‘z ichki nizomlarida “5” baho mezonini 86 balldan boshlab qo‘llab kelgan.

2-jadval (Xalqaro qiyosiy taqqoslash shkalasi):

Rasmiy hujjatning xorijiy tizimlar bilan solishtirish jadvalida esa “A” (A’lo) daraja 90-100 foiz etib ko‘rsatilgan edi. Biroq kamdan kam oliygohlarda bunga amal qilingan.

Keyinchalik, 2020-yil 31-yanvarda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oliy taʼlim muassasalarida taʼlim jarayonini tashkil etish bilan bogʻliq tizimni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi VMQ-824-son qarori kuchga kirgan. Ammo unda aynan baholash va baholarni konvertatsiya qilish masalasi aniq jadvallar bilan tartibga solinmagan.

Shu boisdan 2018-yilgi hujjat bu masalada eng oxirgi normativ bo‘lib turibdi.

Natijada, bir oliygohda 86 ball to‘plagan talaba “a’lochi” hisoblansa, boshqa birida bu ko‘rsatkich “4” (yaxshi) deb baholangan. Shuningdek, ko‘pchilik o‘rtasida “bu farq fanlarning krediti har xilligi bilan bog‘liq” degan noto‘g‘ri tushuncha ham shakllangan. Aslida, kredit – bu fanning hajmi va semestrdagi yuklama “vazni”, u baholash mezonini o‘zgartirmaydi.

Yangi nizomda nima o‘zgarmoqda?

Taklif etilayotgan yangi loyihada bu kabi ikkilanishlar to‘liq bekor qilinadi va barcha OTMlar uchun yagona, aniq hamda xalqaro standartlarga (ECTS) mos shkala tasdiqlanmoqda:

  • 90 – 100 ball — “5” (A’lo – A)
  • 70 – 89,9 ball — “4” (Yaxshi – B/C)
  • 60 – 69,9 ball — “3” (Qoniqarli – D/E)
  • 0 – 59,9 ball — “2” (Qoniqarsiz – F)

Agar yangi nizom tasdiqlanib, rasman kuchga kirsa, talaba fan bo‘yicha 86, 87, 88 yoki 89 ball to‘plagan taqdirda ham, bu ko‘rsatkich “4” (yaxshi) deb hisoblanadi. “5” baho olish uchun esa kamida 90 ball to‘plash shart bo‘ladi. Konvertatsiya masalasiga to‘xtalmaganga qaraganda, barcha oliygohlar bir xil – 100 balli baholash tizimiga o‘tsa kerak.

Fikrlar (0)
Avval yangilari