20:01, Iyul 31, 2026
/
413

Toshkentda talabani o‘qishga tiklash uchun pora so‘ragan sobiq dekan ushlandi

Toshkent shahrida talabalikdan chetlashtirilgan qizni o‘qishga qayta tiklash evaziga 700 dollar talab qilgan texnikumning sobiq dekani qo‘lga olindi. Bu haqda Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati xabar berdi. Vazirlik xabariga ko‘ra, Tezkor-qidiruv departamenti va uning hududiy bo‘linmalari xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent tibbiyot akademiyasiga qarashli texnikumda dekan lavozimida ishlagan 54 yoshli shaxs ushlangan.

U texnikumning farmatsevtika yo‘nalishi 3-bosqichidan chetlashtirilgan talabani o‘qishga qayta tiklash va o‘qishini davom ettirishga yordam berishini va’da qilib, evaziga 700 dollar talab qilgan. Sobiq dekan kelishilgan pulni ta’lim muassasasi hududida olayotgan vaqtida tezkor tadbir ishtirokchilari tomonidan ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 214-moddasi (davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi xizmatchisining qonunga xilof ravishda moddiy qimmatliklar olishi yoki mulkiy manfaatdor bo‘lishi) 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon viloyatidagi oliy o‘quv yurtlaridan biriga o‘qishga kiritib qo‘yishi evaziga 2000 dollar olgan Kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari ushlangandi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari