10:58, Avgust 2, 2026
/
261

Talabalar yaratgan SI o‘qituvchiga dars o‘tishni o‘rgatadi

Yangi platforma darsni rejalashtirish, o‘quv jarayonini tahlil qilish va pedagoglarga metodik tavsiyalar berishga yordam beradi.

Qozog‘iston milliy xotin-qizlar pedagogika universiteti – QyzPU talabalari o‘qituvchilar faoliyatini yengillashtirishga mo‘ljallangan AI-Lesson Study nomli sun’iy intellekt platformasini yaratdi. Loyiha AI-Sana dasturi doirasida universitetning Digital Lady texnoparki bazasida ishlab chiqilgan. Platforma bo‘lajak va amaldagi pedagoglarga dars jarayonini bosqichma-bosqich o‘rganish, natijalarni tahlil qilish hamda ta’lim sifatini oshirishda yordam beradi.

Platforma o‘qituvchiga qanday yordam beradi?

AI-Lesson Study orqali pedagoglar:

  • darsni rejalashtirishi;
  • o‘quv jarayonini kuzatishi;
  • dars natijalarini tahlil qilishi;
  • o‘z faoliyati yuzasidan xulosa chiqarishi;
  • sun’iy intellekt asosidagi metodik tavsiyalarni olishi mumkin.

Platformada tadqiqotchining shaxsiy kabineti, AI vositalari, metodik materiallar bazasi hamda pedagoglar o‘zaro tajriba almashishi mumkin bo‘lgan maxsus forum ham mavjud.

Ya’ni o‘qituvchi darsni qanday o‘tishni rejalashtirishdan boshlab, uning o‘quvchilarga qanday ta’sir qilganini tahlil qilishgacha bo‘lgan jarayonlarni bitta platformada amalga oshirishi mumkin.

Yaponiyada paydo bo‘lgan metodika AI bilan birlashtirildi

Platformaning asosini Lesson Study pedagogik yondashuvi tashkil etadi. Ushbu metod XIX asrda Yaponiyada paydo bo‘lgan bo‘lib, bugungi kunda AQSh, Singapur va Buyuk Britaniya ta’lim tizimida ham qo‘llanadi. Lesson Study usulida bir guruh pedagoglar darsni birgalikda rejalashtiradi, uning o‘tishini kuzatadi va yakunda natijalarni muhokama qiladi. Asosiy maqsad o‘qituvchini tekshirish emas, balki dars sifatini yaxshilashdan iborat.

Qozog‘istonda ushbu metodika 2012-yildan buyon qo‘llanib kelmoqda. QyzPU esa uni oliy ta’lim tizimiga muntazam joriy qilgan dastlabki universitetlardan biri hisoblanadi.

Platforma maktablarda ham sinovdan o‘tkaziladi

Kelgusida AI-Lesson Study platformasining imkoniyatlarini kengaytirish va uni ta’lim muassasalarida sinovdan o‘tkazish rejalashtirilgan. Sinovlar muvaffaqiyatli yakunlansa, platformadan maktab o‘qituvchilari ham kundalik faoliyatida foydalanishi mumkin bo‘ladi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari