07:39, Avgust 3, 2026
/
336

O‘zbek tili va adabiyot universitetining bitiruv tadbiriga ayrim talabalar va ota-onalar kiritilmadi

Ijtimoiy tarmoqlarda Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida o‘tkazilgan bitiruv tadbiriga ayrim talabalar hamda ularning ota-onalari kiritilmagani aks etgan videolar keng muhokamaga sabab bo‘ldi.

Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi ma’lum qilishicha, dastlabki o‘rganishlarda universitetdan quyidagi izohlar olingan. Ya’ni, universitetda katta sig‘imli konsert zali mavjud emasligi va yozgi issiq ob-havo sabab bitiruv tadbiri Kasaba uyushmalari federatsiyasi saroyida o‘tkazilgan.

Tadbirni tashkil etish tashabbusi bitiruvchilarning o‘zidan chiqqan bo‘lib, tayyorgarlik jarayonlarida ham talabalar ishtirok etgan. Oldindan ishtirokchilar ro‘yxati tuzilgan. Biroq tadbir kuni ro‘yxatda bo‘lmagan qo‘shimcha mehmonlar ham kelgani sababli zal sig‘imi me’yordan oshib ketgan.

Xavfsizlik talablariga muvofiq zal ma’muriyati ishtirokchilar sonini cheklagan. Shundan so‘ng universitet rahbariyati bitiruvchilar uchun universitet hududida alohida tadbir tashkil etgan. Viloyatlardan kelgan ota-onalarning joylashuvi ham ta’minlangani ma’lum qilingan. 

Vazirlik mazkur holat yuzasidan xizmat tekshiruvi olib borilayotganini bildirdi. O‘rganish davomida tadbirning tashkiliy va moliyaviy jihatlariga huquqiy baho beriladi.

Shuningdek, vazirlik oliy ta’lim muassasalarida talabalardan har qanday ko‘rinishda majburiy mablag‘ yig‘ilishiga yo‘l qo‘yilmasligini yana bir bor eslatib hamda barcha OTM rahbarlariga bunday tadbirlarni puxta rejalashtirish va talabalar hamda ota-onalar uchun noqulayliklar yuzaga kelishining oldini olish bo‘yicha qat’iy ko‘rsatmalar berilganini ma’lum qildi.

Universitet ma’muriyati esa zal sig‘imidan ortiq mehmon kelgani sabab ayrim ota-onalar va mehmonlarni tadbirga kirita olmaganini bildirib, yuzaga kelgan noqulayliklar uchun uzr so‘radi.

Fikrlar (0)
Avval yangilari