13:41, Avgust 3, 2026
/
408

OTMlarda nazorat punktlari va biometrik kirish joriy etiladi

O‘zbekistonda umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim muassasalarida xavfsizlik choralari yanada kuchaytiriladi. Bu Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan yangi nizomda belgilandi.

Yangi tartibga ko‘ra, ta’lim muassasalarining asosiy kirish joylarida zamonaviy kirish-chiqishni nazorat qilish tizimlari tashkil etiladi. Barcha kirish va chiqishlar elektron jurnalda qayd etilib, ma’lumotlar kamida 3 oy davomida saqlanadi.

Shuningdek, hududga kirish biometrik identifikatsiya (barmoq izi, ko‘z gavhari va boshqa biometrik belgilari) yoki boshqa ruxsat etuvchi identifikatorlar orqali amalga oshiriladi.

Qarorga muvofiq:

ta’lim muassasalariga begona shaxslarning ruxsatsiz kirishi taqiqlanadi;
tashrif buyuruvchilar maxsus tartib asosida ro‘yxatdan o‘tkaziladi;
maktab va OTMlar hududi, kirish joylari, nazorat punktlari, yo‘laklar, oshxona va stadionlar zamonaviy videokuzatuv kameralari bilan jihozlanadi;

Videoqaydlar esa kamida 1 oy saqlanadi.

Bundan tashqari, ta’lim muassasalarida favqulodda vaziyatlarda tezkor ogohlantirish, qo‘riqlash va boshqa xavfsizlik tizimlarini joriy etish ham nazarda tutilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari