Imtihon savollari tarqalgach, 21 nafar abituriyent joniga qasd qildi

Hindistonda tibbiyot oliygohlariga kirish uchun o‘tkaziladigan NEET imtihoni savollarining oldindan tarqalib ketishi ortidan yuzaga kelgan mojaro mamlakatda katta rezonansga sabab bo‘ldi. BBC ma’lumotiga ko‘ra, test natijalari bekor qilinib, millionlab abituriyentlar qayta imtihon topshirishga majbur bo‘lgan. Oqibatda, kamida 21 nafar yosh joniga qasd qilgani aytilmoqda.
Joriy yil may oyida NEET imtihoni savollari sizib chiqqani aniqlangach, hukumat qariyb 2 million abituriyent topshirgan test natijalarini bekor qilib, qayta imtihon belgilagan. Bu qarordan so‘ng minglab talabalar Dehli ko‘chalariga chiqib, imtihon tizimidagi mas’ullarni javobgarlikka tortishni talab qilgan. Shundan keyin Hindiston ta’lim vaziri Dharmendra Pradhan iste’foga chiqqan.
BBC keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, halol topshirgan abituriyentlarning ham qayta imtihon topshirishga majbur bo‘lgani ayrim yoshlarning ruhiy holatiga og‘ir ta’sir ko‘rsatgan.
Ulardan biri – 17 yoshli Kahaan Patel. U dastlabki imtihondan so‘ng natijasidan mamnun bo‘lib, shifokor bo‘lish orzusiga erishishiga ishongan. Ammo imtihon bekor qilinib, qayta topshirilishi e’lon qilingach, ruhiy tushkunlikka tushgan va qayta testga uch kun qolganida yashayotgan uyining oltinchi qavatidan sakrab vafot etgan.

Yana bir holatda 23 yoshli Pradeep Kumar uchinchi urinishida NEET imtihonidan muvaffaqiyatli o‘tganiga ishongan. Oilasi uning ta’limi uchun katta mablag‘ sarflagan, otasi hatto yerini sotib, bankdan kredit olgan. Biroq test natijalari bekor qilingani e’lon qilingach, u ham o‘z joniga qasd qilgan.

BBC ta’kidlashicha, NEET mojarosi Hindistonda nafaqat imtihon tizimining shaffofligi, balki yoshlarning ruhiy salomatligi va mas’ul idoralarning javobgarligi masalasini ham mamlakatdagi eng muhokama qilinayotgan mavzulardan biriga aylantirgan.
Shu bilan birga, bu kabi voqealar bo‘yicha qurbonlar soni turli manbalarda turlicha keltirilmoqda. Biroq BBC ushbu holatlar yuzasidan kamida 21 nafar abituriyentning joniga qasd qilgani haqida xabar bergan.