08:20, Avgust 4, 2026
/
264

2025-yilda ilmiy tadqiqotlarni moliyalashtirish uchun davlat tomonidan 484,2 milliard so‘m ajratilgan

O‘zbekistonda xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda 441 dan ortiq qo‘shma ta’lim dasturi tashkil etilgan. Ularning 42 tasi dunyoning eng kuchli 500 taligiga kiruvchi universitetlar bilan amalga oshirilmoqda. Bu haqida Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipov Oxford Business Group nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Oliy ta’lim qamrovi 9 foizdan 44 foizga yetdi

Vazirning ta’kidlashicha, O‘zbekiston aholisining qariyb 60 foizini yoshlar tashkil etadi. Bu esa oliy ta’limga bo‘lgan talabning yildan yilga oshishiga sabab bo‘lmoqda.

So‘nggi o‘n yil davomida:

  • oliy ta’lim tashkilotlari soni 77 tadan 207 taga yetdi;
  • oliy ta’lim bilan qamrov darajasi 9 foizdan 44 foizga oshdi;
  • 2 mingdan ortiq ta’lim dasturi yetakchi xorijiy universitetlar tajribasi asosida yangilandi;
  • barcha oliygohlarda kredit-modul tizimi joriy etildi;
  • 122 ta ta’lim dasturi xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.

Bugungi kunda O‘zbekistonda 32 ta xorijiy oliy ta’lim tashkiloti faoliyat yuritmoqda.

Xorijiy talabalar uchun yagona portal ishga tushiriladi

2026/2027-o‘quv yilidan boshlab xorijiy talabalar O‘zbekistondagi oliygohlarga “Study in Uzbekistan” portali orqali hujjat topshirishi mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, xorijiy talabalar uchun “Yangi O‘zbekiston stipendiyasi” dasturini joriy etish, Markaziy Osiyo xalqaro ta’lim konferensiyasini tashkil qilish va ta’lim xizmatlari eksportini kengaytirish rejalashtirilgan.

Bu tashabbuslar O‘zbekistonni mintaqadagi yirik ta’lim markazlaridan biriga aylantirishga qaratilgan.

Ilmiy loyihalarga 1,1 trillion so‘m ajratilgan

Oliygohlar endilikda faqat ta’lim beruvchi muassasa emas, balki yangi texnologiyalar va innovatsion ishlanmalar yaratiladigan markaz sifatida ham rivojlantirilmoqda.

Hozirda davlat ilmiy dasturlari doirasida umumiy qiymati 1,1 trillion so‘m bo‘lgan 586 ta ilmiy loyiha amalga oshirilmoqda.

Ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan moliyalashtirish hajmi 2018-yilga nisbatan 2,5 baravarga oshib, 2025-yilda 484,2 milliard so‘mga yetgan.

Oliygohlarda 68 ta yangi kompaniya tashkil etildi

Oliy ta’lim tashkilotlari huzurida:

  • 68 ta spin-off kompaniya;
  • 17 ta muhandislik maktabi;
  • 506 ta innovatsion korxona tashkil etilgan.

300 dan ortiq ilmiy ishlanma ichki va xalqaro bozorlarda tijoratlashtirilgan. Startap loyihalar natijasida 4 mingdan ortiq yangi ish o‘rni yaratilgan. Muhandislik maktablari yashil energetika, sun’iy intellekt, mashinasozlik, transport, qurilish va sanoat texnologiyalari kabi muhim yo‘nalishlarda faoliyat olib bormoqda.

Shuningdek, mamlakatning barcha 13 ta hududida yoshlar texnoparklari, texnologik parklar, venchur jamg‘armalari va innovatsion markazlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.

Fikrlar (0)
Avval yangilari