Ta’lim krediti: kimlarga beriladi, shartlar qanaqa?

Ta’lim krediti faqat kunduzgi ta’lim shaklida, oddiy to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotganlarga ajratiladi. Sirtqi, kechki va masofaviy ta’lim uchun kredit berilmaydi. Super-kontrakt to‘lovini ham ta’lim krediti hisobidan qoplab bo‘lmaydi.
Birinchi kurs talabasi kontrakt summasining 100 foizigacha kredit olishi mumkin. Yuqori kurslarda kredit miqdori GPA ko‘rsatkichiga bog‘liq. Xotin-qizlarga kredit foizsiz, yigitlarga esa Markaziy bankning amaldagi asosiy stavkasi miqdorida ajratiladi.
Ta’lim krediti nima?
Ta’lim krediti – talaba yoki o‘quvchining kontrakt to‘lovini qoplash uchun bank tomonidan ajratiladigan maqsadli kredit. Mablag‘ talabaga naqd berilmaydi. Bank kredit pulini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ta’lim tashkilotining hisob raqamiga o‘tkazadi. Talaba esa qarzni belgilangan muddat va shartlar asosida qaytaradi.
Ta’lim krediti kimlarga beriladi?
Ta’lim krediti quyidagi talablarga javob beradigan shaxslarga ajratiladi:
- O‘zbekiston fuqarolariga;
- kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotganlarga;
- oddiy to‘lov-kontrakt asosida qabul qilinganlarga;
- bakalavriat va magistratura talabalariga;
- o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlari o‘quvchilariga;
- o‘qishini boshqa ta’lim tashkilotiga ko‘chirgan talabalarga.
Talaba o‘qishga tavsiya etilgan, rasman qabul qilingan yoki o‘qishini ko‘chirgan bo‘lishi mumkin. Bunda talaba va kontrakt haqidagi ma’lumotlar tegishli davlat axborot tizimlarida mavjud bo‘lishi kerak.
Kredit O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan:
- davlat OTMlari;
- nodavlat OTMlar;
- xorijiy universitetlarning O‘zbekistondagi filiallari;
- qo‘shma ta’lim dasturlari;
- o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun ajratilishi mumkin.
Xorijiy davlat hududida joylashgan universitetlarda o’qish uchun ham ta’lim krediti ajratiladi, biroq bu borada qat’iy talab bor: xorijiy OTM xalqaro reytinglarda (QS yoki THE) TOP-300 talik ro’yxatga kirgan bo’lishi shart. Agar xorijiy universitet TOP-300 talikka kirmagan bo’lsa, unga davlat ta’lim krediti ajratilmaydi.
Kimlarga ta’lim krediti berilmaydi?
Ta’lim krediti quyidagi holatlarda ajratilmaydi:
- sirtqi ta’lim uchun;
- kechki ta’lim uchun;
- masofaviy ta’lim uchun;
- maxsus sirtqi ta’lim uchun;
- super-kontrakt uchun;
- magistraturaga qo‘shimcha qabul asosida kirganlar kontrakti uchun;
- xorijiy davlat hududidagi OTMda o‘qish uchun;
- talaba ma’lumotlari tegishli axborot tizimlarida mavjud bo‘lmagan hollarda;
- chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga.
Super-kontrakt qonunchilikda tabaqalashtirilgan to‘lov-kontrakt deb yuritiladi. Bunday kontrakt va uning eng kam miqdoriga teng bir martalik boshqa to‘lovlar uchun ta’lim krediti berilmaydi.
Kredit qancha miqdorda ajratiladi?
Birinchi kurs talabalari uchun
Birinchi bosqich talabalari va professional ta’lim tashkilotlarining birinchi bosqich o‘quvchilariga bir yillik kontrakt summasi miqdorida kredit ajratiladi. Masalan, bir yillik kontrakt 15 million so‘m bo‘lsa, talaba boshqa talablarga ham javob bergan taqdirda 15 million so‘mgacha kredit olishi mumkin.
Ikkinchi va undan yuqori kurslar uchun
Kredit miqdori talabaning avvalgi o‘quv yilidagi GPA ko‘rsatkichiga qarab belgilanadi:
- GPA 3 va undan yuqori bo‘lsa – kontrakt summasining 100 foizigacha;
- GPA 3 dan past bo‘lsa – kontrakt summasining ko‘pi bilan 80 foizigacha kredit beriladi.
GPA ko‘rsatkichi 3 dan past bo‘lgan talaba kontraktning dastlabki 20 foizini o‘z mablag‘i hisobidan to‘lashi kerak. Masalan, kontrakt 20 million so‘m bo‘lsa, talaba 4 million so‘mni o‘zi to‘laydi, bank esa 16 million so‘mgacha kredit ajratadi.
Ijtimoiy reyestrdagi oilalar uchun
Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning ta’lim olayotgan a’zolariga GPA ko‘rsatkichi 3 dan past bo‘lsa ham kontrakt summasi miqdorida kredit ajratilishi mumkin.
Bunday oilaning talabasi GPA ko‘rsatkichini 3,5 va undan yuqori darajada saqlasa, keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti olishi mumkin.
Kredit foizi qancha?
Xotin-qizlar uchun – 0 foiz
Xotin-qizlarga ta’lim krediti foizsiz ajratiladi. Bank hisoblagan foizlar Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi. Talaba kreditning asosiy qismini qaytaradi.
Biroq bu imtiyoz ham amaldagi tartib bo‘yicha faqat kunduzgi ta’lim shaklida o‘qiyotgan xotin-qizlarga tatbiq etiladi.
Yigitlar uchun – asosiy stavka miqdorida
Yigitlarga ta’lim krediti Markaziy bankning amaldagi asosiy stavkasi miqdorida beriladi.
Asosiy stavka pasaysa, kredit foizi ham pasayadi. Asosiy stavka oshirilsa, avval tuzilgan kredit shartnomasi bo‘yicha foiz stavkasi oshirilmaydi.
Ta’lim kreditini qaysi banklardan olish mumkin?
Ta’lim krediti tijorat banklari orqali ajratiladi. Hozirda quyidagi banklarga murojaat qilish mumkin:
- Xalq banki;
- O‘zsanoatqurilishbank – SQB;
- O‘zmilliybank;
- Agrobank;
- Asakabank;
- Mikrokreditbank – MKBank;
- Aloqabank;
- Hamkorbank;
- Biznesni rivojlantirish banki – BRB;
- Turonbank;
- Orient Finans Bank – OFB.
Kredit qachondan qaytariladi?
Ta’lim kreditining asosiy qarzini qaytarish talabaning rasmiy o‘qish muddati tugaganidan keyingi yettinchi oydan boshlanadi. Kredit 7 yil davomida qaytariladi. Uni belgilangan muddatdan oldin qisman yoki to‘liq yopish ham mumkin.
Kafil talab qilinadimi?
Bank kredit qaytarilishini ta’minlash uchun:
- birgalikda kredit oluvchi;
- jismoniy shaxs kafilligi;
- sug‘urta polisi;
- mol-mulk garovi;
- boshqa ta’minot turini talab qilishi mumkin.
Birgalikda kredit oluvchi sifatida ota-ona, aka-uka, opa-singil, er yoki xotin qatnashishi mumkin. Doimiy daromadga ega boshqa shaxsni ham birgalikda kredit oluvchi sifatida ko‘rsatish mumkin. Ijtimoiy reyestrga kiritilgan oilalarning farzandlariga ajratiladigan ta’lim krediti bo‘yicha garov va kafillik talab qilinmaydi.
Qanday hujjatlar kerak?
Bankka bevosita murojaat qilinganda quyidagilar talab qilinishi mumkin:
- ta’lim krediti olish haqidagi ariza;
- talaba va ta’lim tashkiloti o‘rtasidagi kontrakt;
- pasport yoki ID-karta;
- mavjud bo‘lsa, hisob varaqasi yoki faktura;
- kredit qaytarilishini ta’minlovchi hujjatlar;
- birgalikda kredit oluvchi haqidagi ma’lumotlar;
- Ijtimoiy reyestrga kiritilganlik haqidagi ma’lumot;
- bankning ichki tartibida belgilangan boshqa hujjatlar.
Ariza qanday topshiriladi?
Ta’lim krediti uchun uch usulda murojaat qilish mumkin:
- my.gov.uz portali orqali;
- “Ta’lim krediti” axborot tizimi orqali;
- kredit ajratuvchi tijorat bankiga bevosita murojaat qilish orqali.
Bank ariza va hujjatlarni besh ish kuni ichida ko‘rib chiqishi kerak. Kredit berish rad etilsa, bank rad etish sababini ko‘rsatgan holda javob berishi kerak.
Talablarga javob bergan har bir talabaga kredit beriladimi?
Yo‘q. Kunduzgi ta’limda o‘qish va oddiy kontrakt asosida tahsil olish ta’lim krediti uchun asosiy talablar hisoblanadi. Biroq bu kredit albatta tasdiqlanadi degani emas.
Yakuniy qarorni bank qabul qiladi. Bank arizani ko‘rib chiqishda:
- hujjatlarning to‘g‘ri rasmiylashtirilganini;
- kreditni qaytarish imkoniyatini;
- kafil yoki birgalikda qarz oluvchining daromadini;
- mavjud kredit va qarzdorliklarni;
- bankning ichki talablariga muvofiqlikni tekshiradi.
Shu sababli barcha asosiy talablarga javob bergan talabaning arizasi ham ayrim hollarda rad etilishi mumkin.